Savdo urushi: Apple Hindistondan AQSHga 5 ta samolyotda iPhone yubordi
Texnologiya
−
08 aprel
8915Apple korporatsiyasi AQSH Prezidenti Donald Tramp tomonidan joriy etilgan yangi import bojlari kuchga kirishidan oldin, mart oyining oxirida uch kun ichida Hindistondan AQSHga iPhone va boshqa mahsulotlar bilan to‘ldirilgan beshta yuk samolyotini yubordi. Bu harakat kompaniyaga yangi bojlar ta’sirini yumshatish va mahsulot narxlarini oshirishning oldini olish imkonini beradi. Bu haqda “The Times of India” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Tramp ma’muriyati tomonidan aprel oyida joriy etilgan yangi bojlar Hindistondan import qilingan tovarlarga 10 foizdan 26 foizgacha, Xitoydan esa 54 foizgacha boj to‘lashni nazarda tutadi. Shu sababli, Apple o‘z mahsulotlarini AQSHga yetkazib berishni tezlashtirdi, bu esa kompaniyaga yangi bojlar kuchga kirgunga qadar mahsulotlarni olib kirish imkonini berdi.
Apple bu harakati bilan kompaniyaning AQSHdagi omborlarida bir necha oyga yetadigan mahsulot zaxirasini to‘ldirdi. Bu esa mahsulot narxlarini vaqtincha oshirmaslikka yordam beradi.
Apple so‘nggi yillarda o‘z ishlab chiqarishini diversifikatsiya qilishga harakat qilmoqda, jumladan, Hindistonda iPhone yig‘ishni kengaytirmoqda. Bu nafaqat Xitoyga bog‘liqlikni kamaytirish, balki Hindistonning o‘sib borayotgan smartfon bozoridagi imkoniyatlardan foydalanish maqsadida amalga oshirilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq yangi bojlar tufayli iPhone narxlari sezilarli darajada oshishi mumkinligi xabar qilingandi. Masalan, iPhone 16 Pro modeli uchun bu oshish taxminan 300 dollarni tashkil qilishi mumkin.
LiveBarchasi