Saudiyada hukmron oilani tanqid qilgan o‘qituvchi o‘limga hukm qilindi

Olam

image

Saudiyalik pensiyadagi o‘qituvchi Muhammad al-G‘amdiy YouTube va Twitterʼdagi postlari uchun o‘lim jazosi berilgan birinchi “jinoyatchi” bo‘lishi mumkin. Bu haqda “The Telegraph” xabar berdi.

Gap shundaki, Saudiya Arabistoni sudi Muhammad al-G‘amdiyni ijtimoiy tarmoqlardagi postlari uchun o‘limga hukm qilgan. Uning xabarlarida hukmron oila tanqid qilingan.

AQSHning inson huquqlari bo‘yicha Human Rights Watch tashkilotining yozishicha, hukm 2023 yil 10 iyulda chiqarilgan. U 2022 yil 11 iyunda Makkada qo‘lga olinib, yakuniy hukmga qadar bir yil hibsda saqlangan.  Ma’lumotlarga ko‘ra, Al-G‘amdiy bir kishilik kameraga joylashtirilib, muntazam tergov qilingan va unga advokat xizmatidan foydalanish huquqi berilmagan. 

Nihoyat sobiq o‘qituvchi qirol va valiahd shahzodani haqorat qilishda aybdor deb topildi. Al-G‘amdiyning tvitlari, retvitlari va YouTube'dagi videolari uchun unga o‘lim jazosi tayinlangan. Qizig‘i 54 yoshli pensionerning bor-yo‘g‘i to‘qqizta obunachisi bo‘lib, u asosan boshqalarning postlari yoki videolarini ulashgan, o‘zi hech narsa tayyorlamagan.

Ayni paytda Buyuk Britaniyada yashayotgan Muhammad al-G‘amdiyning ukasi Said bin Nosir al-G‘amdiyning aytishicha, akasi “bor yo‘g‘i” unga qondoshligi uchun javob beryapti. Chunki Said bin Nosir Saudiyadagi hukmron oilaning muxolifati yetakchisi hisoblanadi.

Human Rights Watch tashkilotining qayd etishicha, Saudiya hukumati so‘nggi yillarda muxolifatchilar va xorijdagi dissidentlarni mamlakatga qaytishga majburlash maqsadida ularning oila a’zolarini tez-tez nishonga olmoqda.

Tashkilot Saudiya Arabistoni hukumatini Muhammad al-G‘amdiyga nisbatan chiqarilgan o‘lim hukmini bekor qilishga chaqirib, u o‘z fikrlarini faqat tinch yo‘l bilan internetda ifoda etganini ta’kidlamoqda.

Saudiya Arabistoni o‘lim jazosini tez-tez qo‘llagani uchun uzoq vaqtdan beri tanqidlarga uchrab keladi. Xalqaro Amnistiya ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yilda qirollik 196 ta qatlni amalga oshirgan. Bu bilan Xitoy va Erondan keyin uchinchi o‘rindan joy olgan.

Ma’lumot uchun, 2022 yil 12 mart kuni Saudiya Arabistonida eng yirik ommaviy qatl amalga oshirilgan edi. Unda 81 kishi qatl etilgan. O‘tgan yilning noyabr oyida BMT Saudiya Arabistonida giyohvand moddalar bilan bog‘liq jinoyatlarga 21 oylik norasmiy moratoriydan so‘ng, qatl etilganlar sonining ko‘payishidan xavotir bildirgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Saudiya Arabistoni o'lim jazosi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing