Saudiya Yevropani husiylarga qarshi urushga tortmoqchi – “Bild”
Olam
−
09:38 330 2 daqiqa
Saudiya Arabistoni Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan husiylarga qarshi yangi harbiy operatsiyaga tayyorgarlik ko‘rmoqda va bunga Yevropa mamlakatlarini jalb qilishga umid bog‘lamoqda. Bu haqda “Bild” nashri xabar berdi.
Jurnalistlarga ma’lum bo‘lishicha, Ar-Riyod Fransiya va Buyuk Britaniyadan harbiy yordam kutmoqda. Bundan tashqari, Saudiya razvedkasining sobiq rahbari Turki bin Faysal Al Saud Germaniyani ham husiylarga qarshi kurashga qo‘shilishga chaqirgan. Uning aytishicha, Yevropa davlatlari mintaqaviy tabiiy resurslar va savdo yo‘llaridan foydalanar ekan, mintaqa barqarorligida ularning shaxsiy manfaatdorligi bor.
“Mintaqaning xomashyo resurslaridan naf ko‘rayotgan har bir tomon tinchlik va xavfsizlikka o‘z hissasini qo‘shishi kerak”, deydi Turki.
Bir necha oy ilgari Saudiya Arabistoni Arabiston yarimoroli va Bob al-Mandab bo‘g‘ozini harbiy himoya qilish hamda monitoring qilish tizimini yaratishni taklif etgan edi. Biroq Turkining so‘zlariga ko‘ra, o‘shanda hech bir Yevropa davlati ushbu tashabbusga qo‘shilmagan.
U Yevropa ushbu yo‘nalish xavfsizligidan bevosita manfaatdor ekanini qayd etgan. Bob al-Mandab bo‘g‘ozi orqali Suvaysh kanaliga, undan keyin esa Yevropa mamlakatlariga yo‘l oladigan kemalar o‘tadi.
Shu bilan birga, Saudiya Arabistoni husiylar bilan qarama-qarshilikda bir qator davlatlardan yordam olmoqda. Turkining aytishicha, Fransiya tegishli tadbirlarda ishtirok etmoqda, Buyuk Britaniya esa samolyotlarni havoda yonilg‘i bilan to‘ldirishga yordam bermoqda. Misr, Pokiston va Turkiya ham ta’minot, o‘q-dorilar va razvedka ma’lumotlari sohasida qo‘llab-quvvatlamoqda.
Saudiya vakili xalqaro savdo yo‘llari xavfsizligini ta’minlash faqat AQSHning mas’uliyati bo‘lib qolmasligi kerakligini urg‘ulagan.
“Bunda butun dunyo ishtirok etishi kerak”, deydi u.
Joriy yilning noyabr oyida Ar-Riyodda Fors ko‘rfazi arab davlatlari hamkorlik kengashi va Yevropa Ittifoqining uchrashuvi o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Turki tomonlar qariyb 30 yildan beri muzokaralari davom etayotgan savdo bitimini nihoyat imzolay olishlariga umid qilmoqda.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday kelishuv tomonlar o‘rtasida xavfsizlik sohasidagi hamkorlikni kengaytirishda birinchi qadam bo‘lishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yamandagi Saudiya Arabistoni boshchiligidagi koalitsiya Eron qo‘llab-quvvatlaydigan husiylar tomonidan Riyod tomon uchirilgan ikki dronni ushlab qolganini ma’lum qilgandi. Shuningdek, Yaman Vakillar palatasi onlayn majlisda Yaman Prezidentlik kengashi yetakchisi Rashad al-Alimi tomonidan husiylarga qarshi turish uchun umumiy safarbarlik e’lon qilish bo‘yicha kiritilgan iltimosnomani ma’qullagan edi.
Live
Barchasi