Saudiya Suriyaning qarzlarini to‘laydi – OAV
Olam
−
14 aprel
9300Saudiya Arabistoni Suriyaga tiklanish grantlarini jalb qilish uchun Jahon banki oldidagi qariyb 15 milliard dollarlik qarzlarini to‘lashni rejalashtirmoqda. Bu haqda uchta mustaqil manbasiga tayanib, “Reuters” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Suriya Jahon banki oldidagi qarzini to‘lashi kerak, Shunda moliya tashkiloti mamlakatga grantlar va boshqa yordam shakllarini ma’qullaydi.
“Biroq Damashqda chet el valyutasi yetishmayapti va xorijda muzlatilgan aktivlar hisobidan qarzlarni to‘lash bo‘yicha ilgari ko‘rib chiqilgan reja amalga oshmadi”, deyiladi xabarda.
Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, Jahon banki fuqarolar urushi yillarida zarar ko‘rgan Suriya energetika tizimini tiklash uchun grant ajratishi mumkin.
Shuningdek, davlat sektori xodimlarining ish haqi uchun mablag‘ yuborish ham muhokama qilinmoqda.
Ma’lum qilinishicha, aprel oyi oxirida Suriya yuqori martabali delegatsiyasi Jahon banki va Xalqaro valyuta jamg‘armasi yig‘ilishlarida ishtirok etish uchun Vashingtonga boradi.
Aksariyat davlatlar, jumladan, Saudiya Arabistoni va Misr AQSHning Suriyaga qarshi sanksiyalarni bekor qilish bo‘yicha pozitsiyasini kutib, Suriyaning yangi hukumatiga moliyaviy yordam yuborishni kechiktirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yevropa Ittifoqi va uning hamkorlari Suriyadagi fuqarolik urushi oqibatlarini yumshatish hamda qo‘shni davlatlarga yordam berish uchun qo‘shimcha 5,8 milliard yevro ajratmoqchiligi haqida xabar berilgandi.