Saudiya dron hujumi ortidan asosiy neft quvurini yopdi

Olam

image

Saudiya Arabistoni muhim neft quvuri dronlar hujumiga uchraganidan so‘ng mamlakatning Sharq-G‘arb neft quvurini vaqtincha yopdi. Bu haqda mamlakat Energetika vazirligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, 1,2 ming kilometr uzunlikdagi quvur Arabiston yarimoroli orqali o‘tib, Saudiyaga neft tankerlari harakati keskin cheklangan Hormuz bo‘g‘ozini chetlab o‘tish imkonini bergan. Saudiya Energetika vazirligi quvur xavfsizlik chorasi sifatida yopilganini ma’lum qilgan. So‘nggi oylarda ushbu quvur orqali kuniga 4–5 million barrel neft tashilgan bo‘lib, bu jahon neft ta’minotining taxminan 4–5 foiziga teng.

Quvurga hujum 10 sentyabr kuni Ar-Riyod va Madina mintaqalarida sodir bo‘lgan. Saudiya va Iroq hukumati dronlar hujumi Iroq hududidan amalga oshirilganini bildirgan. Hujum uchun kim mas’ul ekani hozircha aniq emas.

Sputnik tasvirlarida Madina janubidagi quvur hududidan qora tutun ko‘tarilayotgani ko‘ringan. Saudiya Tashqi ishlar vazirligi hujum oqibatida ayrim odamlar jarohatlanganini va yetkazilgan zarar baholanayotganini ma’lum qilgan.

Hodisadan so‘ng Iroq hukumati mintaqaviy harbiy qo‘mondonni lavozimidan chetlatdi. Iroq Bosh vaziri idorasiga ko‘ra, u Eron bilan chegaradosh Mayson viloyatidagi harbiy operatsiyalarga rahbarlik qilgan. Mazkur hududda Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan shi’a qurolli guruhlari ta’siri mavjud.

Saudiya hozircha hujumga harbiy javob qaytarmaslikka qaror qilgan. Bu qaror Iroq Bosh vazirining iltimosidan so‘ng qabul qilingan, biroq Ar-Riyod o‘z manfaatlarini himoya qilish uchun zarur barcha choralarni ko‘rish huquqini saqlab qolganini bildirgan.

Ayni paytda Yamandagi Eronga yaqin husiylar Qizil dengizdagi ta’sirini kuchaytirmoqda. “Reuters” suhbatlashgan Yaman hukumati manbalariga ko‘ra, Husiylar Qizil dengizga kirishdagi strategik Perim orolini egallab olgan. Perim oroli Bab-al-Mandab bo‘g‘ozida joylashgan. Uning qo‘lga kiritilishi husiylarga Qizil dengiz orqali o‘tadigan kemalar harakatiga bosim o‘tkazish uchun yanada katta imkoniyat berishi mumkin.

Quvurga hujum va Perim orolining egallanishi mintaqadagi vaziyatning jiddiy keskinlashuviga olib kelishi mumkin. Hormuz bo‘g‘ozidagi tankerlar harakati ham AQSH va Eron o‘rtasidagi olti oylik urush tufayli keskin kamaygan.

Husiylarning Qizil dengizdagi faolligi va Hormuz bo‘g‘ozidagi uzilishlar Arabiston yarimorolining har ikki tomonida energiya ta’minotiga bosimni kuchaytirdi. Buning ortidan jahon bozorida neft narxi yana bir barrel uchun 100 dollardan oshdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Saudiya Arabistoniga Yamandagi Eron qo‘llab-quvvatlayotgan husiylar tomonidan uyushtirilgan hujumlar oqibatida kamida 73 kishi jarohatlangandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing