Saudiya bir yillik Umra vizasini joriy etdi

Olam

image

Saudiya Arabistoni Haj va Umra vazirligi berilgan kundan boshlab 365 kun davomida amal qiluvchi ko‘p martalik Umra vizasini joriy qildi. Ushbu viza egalariga mamlakatga bir necha bor kirish hamda u yerda umumiy hisobda 90 kungacha bo‘lish imkoni beriladi. Bu haqda “Saudi press agency” xabar berdi.

Qayd etilishicha, ushbu qaror Saudiya Arabistonining “Saudi Vision 2030” dasturi hamda Ziyoratchilar tajribasini yaxshilash dasturi doirasida ziyoratchilar tashrifini osonlashtirish, ularning ziyorat taassurotlarini boyitish va xizmat ko‘rsatish samaradorligini oshirish maqsadida qabul qilingan.

Bildirilishicha, har bir tashrif chog‘ida Nusuk platformasidagi tasdiqlangan provayderlardan xizmatlar paketini sotib olish talab etiladi. Bunda paketning davomiyligi vizada qolgan kunlar muddatidan oshib ketmasligi kerak. Shuningdek, ziyoratchi mamlakatga yetib borishidan oldin Nusuk ilovasi orqali Umra ruxsatnomasini rasmiylashtirgan bo‘lishi lozim.

Mamlakatdan har gal chiqib ketilganda viza vaqtincha to‘xtatiladi va keyingi tashrif uchun belgilangan me’yoriy talablar bajarilgandan so‘ng qayta faollashtiriladi. Ushbu viza Haj mavsumida faol bo‘lmaydi.

Vazirlikning bildirishicha, yangi viza tashriflarni rejalashtirishda moslashuvchanlikni oshiradi hamda ziyoratchining butun safari davomida raqamli va operatsion xizmatlarning integratsiyalashuvini qo‘llab-quvvatlaydi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq endilikda Saudiya Arabistoni hududida barcha turdagi viza egalari Umra ibodatini ado etishi mumkinligi haqida xabar berilgan edi. Bu qaror umra ziyoratchilari uchun jarayonlarni soddalashtirish, Haj va Umra tizimida xizmatlardan foydalanish imkoniyatini kengaytirish hamda Saudiya Arabistonining “Vision 2030” dasturi maqsadlarini qo‘llab-quvvatlash doirasida qabul qilingan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing