Saudiya Arabistoni Suriyaga 6 mlrd dollar sarmoya kiritadi

Olam

image

Suriya Axborot vaziri Hamza Mustafo Suriya-Saudiya sarmoya forumi doirasida 6 milliard dollarlik 44 ta sarmoya bitimi imzolanishini bildirdi. Bu haqda u kecha, 23 iyul kuni Damashq mehmonxonalaridan birida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.

U Suriya-Saudiya sarmoyaviy forumi boshlangani va bu miqyosdagi tadbir “yangi Suriya”da birinchi marta o‘tkazilayotganini ta’kidladi. Hamza Mustafo forum doirasida Saudiya Arabistoni bilan 6 milliard dollarlik 44 ta shartnoma imzolanishini qayd etdi.

“Maqsadimiz nafaqat daromad olish, balki rivojlanishni ta’minlaydigan barqaror sarmoyalarni ham jalb etishdir”, dedi u.

Vazirning ta’kidlashicha, kelishuvlar 50 ming kishini bevosita, 150 ming kishini esa bilvosita ish bilan ta’minlash imkonini beradi.

“Ular bank, qurilish va kiberxavfsizlik kabi ko‘plab sohalarda ham davlat sektorini, ham xususiy kompaniyalarni qamrab oladi”, dedi Hamza Mustafo.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Suriyadagi sarmoyaviy muhitni yaxshilash uchun qonunchilik bazasi yangilangan. Suriya va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi munosabatlarga to‘xtalgan Mustafo, Saudiya Arabistonining mintaqaviy va global miqyosda nufuzli davlat ekanligini qayd etdi.

“Saudiya Arabistoni va Suriya xalqi va davlati o‘rtasida tarixiy va do‘stona rishtalar mavjud. Saudiya Arabistoni suriyaliklar qalbida alohida o‘rin tutadi. Suriya sarmoya uchun qulay, samarali va raqobatbardosh bozor va bu forum har yili o‘tkazilishiga umid qilamiz”, deydi u.

Xulosa sifatida vazir yangi Suriya o‘n yillik zulm va korrupsiyadan so‘ng hozirda katta sarmoyaviy imkoniyatlarni taqdim etishini ta’kidladi.

“Biz hukumat sifatida dunyoga Suriya sarmoyadorlar uchun xavfsiz va jozibador davlat ekanligini ko‘rsatmoqchimiz. Ittifoqdosh davlatlar ham Suriyaga qarshi sanksiyalarni butunlay olib tashlash uchun qo‘llaridan kelganini qilmoqda”, deydi Suriya axborot vaziri Hamza Mustafo.

Eslatib o‘tamiz, Suriyada hokimiyat o‘zgargandan keyin mamlakatning muvaqqat prezidenti Ahmad ash-Shara o‘zining ilk xorijiy tashrifini 2 fevral kuni Saudiya Arabistoniga amalga oshirgandi. Mazkur tashrif doirasida u Ar-Riyodda Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi va Bosh vaziri Muhammad bin Salmon Ol Saud bilan uchrashdi. 3 fevral kuni u Makka shahrida Umra ziyoratini amalga oshirdi. Unga Ka’ba eshiklari ham ochib berildi. May oyida ash-Shara yana Saudiya Arabistoniga bordi va u yerda AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan uchrashdi. Tramp uchrashuvdan so‘ng uni “qattiqqo‘l inson” va “o‘tmishi kuchli jangchi” deb ta’rifladi. Tramp, shuningdek, Suriyaga nisbatan joriy etilgan sanksiyalarni bekor qilishini e’lon qilib, bunga asos sifatida “mamlakatga imkon berish zarurati”ni ko‘rsatgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Suriya Saudiya Arabistoni

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing