Saudiya Arabistoni Isroil bilan munosabatlarni normallashtirish shartini aytdi

Olam

image

Saudiya Arabistoni Falastin davlatini tan olib, Isroil qo‘shinlarini G‘azo sektoridan olib chiqib ketsagina, yahudiy davlati bilan diplomatik munosabatlarni normallashtiradi. Bu haqda Qirollik Tashqi ishlar vazirligining X (sobiq Twitter) ijtimoiy tarmog‘ida e’lon qilingan bayonotida aytildi

“Qirollik AQSH ma’muriyati bilan 1967 yildagi chegaralari va poytaxti Sharqiy Quddusga ega bo‘lgan mustaqil Falastin davlatini tan olmasdan, shuningdek, Isroil tajovuzini to‘xtatib, barcha ishg‘ol qiluvchi kuchlarini G‘azo sektoridan olib chiqib ketmasdan turib, Isroil bilan diplomatik aloqalar o‘rnatilmasligi haqidagi qat’iy pozitsiyasini muhokama qildi”, deyiladi hujjatda.

Qayd etish joizki, AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken 5 fevral kuni Ar-Riyodda Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon Ol Saud bilan uchrashgan. Ular G‘azo sektoriga shoshilinch insonparvarlik yordamini ko‘paytirish borasidagi sa’y-harakatlarni muhokama qilgan.

"Biz mojaroning yanada tarqalishining oldini olish uchun mintaqada diplomatiya bilan shug‘ullanishda davom etamiz", deb yozgan Blinken X'dagi sahifasida.

Ma’lumot uchun, Isroil tomoni AQSH vositachiligida 2020 yilning sentyabr oyida Vashingtonda BAA va Bahrayn bilan munosabatlarni normallashtirish bo‘yicha hujjatlarni imzolagan. Uch tomonlama bitim Ibrohim kelishuvi deb nomlangan. Keyinchalik, Sudan va Marokash yahudiy davlati bilan munosabatlarni normallashtirishni e’lon qildi. Bungacha Isroil arab davlatlari orasida faqat Misr va Iordaniya bilan diplomatik aloqalarga ega edi.

Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon Ol Saud 2023 yilning sentyabrida “Fox News” telekanaliga bergan intervyusida qirollik Isroil bilan munosabatlarni normallashtirishga har kuni yaqinlashib borayotganini aytgan. Qirollik Sarmoya vaziri Xolid bin Abdulaziz al-Falah esa noyabr oyida G‘azo sektoridagi voqealarga qaramay, Isroil bilan munosabatlarni normallashtirish masalasi hamon kun tartibida ekanini ta’kidlagan.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan oyda AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken Davosdagi Jahon iqtisodiy forumidagi panel muhokamasi chog‘ida Yaqin Sharq va undan tashqaridagi arab davlatlari Isroil bilan munosabat o‘rnatishga tayyor ekanini aytgandi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Saudiya Arabistoni Falastin Isroil Entoni Blinken

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing