Saudiya aeroporti yana hujumga uchradi. Qurbon bor (video)
Olam
−
14:49 2215 2 daqiqa
Saudiya Arabistonining Dammam shahridagi Podshoh Fahd xalqaro aeroportiga hujum oqibatida bir kishi halok bo‘ldi, sakkiz kishi jarohatlandi. Bu haqda “Associated Press” xabar berdi.
Qayd etilishicha, hodisa kecha, 21 oktyabr kuni kechqurun sodir bo‘lgan. Saudiya Arabistoni Fuqarolik aviatsiyasi boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, hujum oqibatida aeroportga ham moddiy zarar yetgan. “Flightradar24” xalqaro parvozlarni kuzatish xizmati ayrim samolyotlar boshqa aeroportlarga yo‘naltirilganini bildirgan.
Hozircha hujumni kim amalga oshirgani haqida rasmiy ma’lumot berilmagan. Yamandagi husiylar ham hodisa yuzasidan izoh bermagan. Saudiya Arabistoni koalitsiyasi esa mamlakatning sharqiy hududida to‘rtta dron hujumi qaytarilganini ma’lum qilgan.
Hujum AQSH Saudiya Arabistonidagi ayrim diplomatlari va davlat xizmatchilari oilalariga mamlakatni tark etishni buyurganidan keyin sodir bo‘lgan. Bunga mamlakatdagi ketma-ket hujumlar va mojaro yanada kuchayishi mumkinligi haqidagi xavotirlar sabab bo‘lgan.
Bundan avval Saudiya Arabistoni Energetika vazirligi mamlakat janubi-sharqidagi Saudi Aramco kompaniyasi ishlatadigan neft konida urib tushirilgan dron qoldiqlari ikki kishining o‘limiga sabab bo‘lganini bildirgan. Yana ikki kishi jarohatlangan. Halok bo‘lganlar Nepal va Filippin fuqarolari, jarohatlanganlar esa Pokiston va Hindiston fuqarolari bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Saudiya Arabistonida husiylar tomonidan amalga oshirilgani aytilgan ikki hujum oqibatida 3 nafar fuqaro halok bo‘lib, 36 kishi jarohatlangani haqida xabar berilgan edi. Jumladan, Podshoh Xolid xalqaro aeroportining 3-terminaliga ballistik raketa orqali hujum uyushtirilishi oqibatida ikki nafar O‘zbekiston fuqarosi yengil jarohat oldi.
Live
Barchasi