“Saroy chellenj”: Karib dengizidan Putinning maslahatchisiga tegishli villa topildi
Olam
−
07 aprel 2021
8564Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning maslahatchisi Valentin Yumashev va uning rafiqasi Tatyana (Rossiyaning sobiq Prezidenti Boris Yelsinning qizi – tahr.) Karib dengizidagi Sen-Bartelemi orolida 15 million yevrolik villaning egalari bo‘lib chiqdi. Bu haqda “Transparency International” jurnalistlarining surishtiruv ishida so‘z boradi.
Ma’lum qilinishicha, Putinning maslahatchisi bir necha bor katta miqdorda kapital va xorijiy ko‘chmas mulklarga ega emasligini ta’kidlagan.
“Dunyoda menga tegishli bo‘lgan mol-mulkni topgan kishi uni o‘ziniki deb hisoblayversin. Tergovchilar uchun yaxshi voqea bo‘ladi, shunday emasmi?! Toping, oling, hayotingizning oxirigacha go‘zal saroy yoki ajoyib villada yashang, zavqlaning!”, degandi Tatyana Yumasheva “Jonli jurnal”dagi o‘zining blogida.
Surishtiruvga ko‘ra, 2020 yilda Yumashevlar oilasi Karib dengizidagi Sen-Bartelemi orolida ro‘yxatdan o‘tgan CDA kompaniyasining egalariga aylangan. Ishonchnomada kompaniya “ko‘chmas mulk ob’ektlarini sotib olish uchun” ochilgani qayd etilgan.
Shuningdek, ishonchnomada er-xotin oroldan uy sotib olish uchun hujjatlarni rasmiylashtirgani ham ko‘rsatilgan. Hujjatlarda maydoni 2,5 ming kvadrat metr bo‘lgan va qiymati 15 million yevroni tashkil etadigan villa haqida so‘z boradi. Saroyni sotib olish to‘g‘risida shartnomani Valentin Yumashevning o‘zi CDA kompaniyasi vakili sifatida imzolagan.
Qayd etilishicha, Yumashevlarning villasi okean qirg‘og‘idan 160 metr balandlikda joylashgan. Ushbu villaning ichki qismida oltita yotoqxona, sakkizta hammom, sport zal, massaj xonasi, katta hovuz, terrasa hamda jakuzi bor.
Putinning maslahatchisi “Muhim hikoyalar”ga bergan intervyusida mulk sotib olinganini tasdiqlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, villa mehnat bilan topilgan pul va bankdan olingan kredit evaziga sotib olingan. Nashrning suhbatdoshi uzoq vaqtdan beri davlat xizmatchisi sifatida ishlamasligi va Prezidentning ixtiyoriy maslahatchisi ro‘yxatiga kiritilganini ta’kidlagan.
Yumashev En+ kompaniyasi aksiyalaridan dividend olish, konsalting faoliyati va direktorlar kengashida ishlash orqali daromad topishini qo‘shimcha qilgan.
Surishtiruv ishida Yumashevlarning rus oligarxlari yoniga joylashganiga e’tibor qaratilgan. Masalan, Roman Abramovich – ularning qo‘shnisi. U bir vaqtlar Rokfellerga tegishli bo‘lgan yerlarni sotib olgan.
Eslatib o‘tamiz, Rossiyada Putinga tegishli ekani aytilgan saroy topilgandi. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurash fondi asoschisi hamda muxolifat yetakchisi Navalniyning YouTube platformasida “Putin uchun saroy” nomli surishtiruv filmida so‘z borgan.
Bundan tashqari, Belarus muxolifatining vakillari ham Aleksandr Lukashenkoning boyligi haqida film ishlab, unda Prezidentga tegishli deb, aytilgan bir qancha saroylar haqida so‘z boradi.
O‘zbekistonda ham yuqoridagi holatlarga o‘xshash siyosiy axborot tarqaldi. Unda “Shovvozsoy” dam olish maskani go‘yoki Prezident Mirziyoyevga tegishli ekani aytilgan. Shundan so‘ng, ushbu holat yuzasidan “O‘zbekiston temir yo‘llari” so‘ngra Prezidentning o‘zi munosabat bildirdi.
LiveBarchasi