Sarkisyan Armaniston boshiga tushgan inqirozlarning sababini aytdi
Olam
−
31 mart 2021
5465Armaniston Prezidenti Armen Sarkisyan mamlakat ko‘pvektorli inqiroz holatida ekanligini ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, buning sabablari, xususan, davlat apparati ishining samarasizligi, urushdan keyingi vaziyat va koronavirus pandemiyasi.
"Mamlakat iqtisodiyoti chuqur inqirozni boshdan kechirmoqda. Iqtisodiy inqirozdan chiqish uchun davlat apparati va davlat samarali ishlashi kerak, bu esa bugungi kunda yuz bermayapti. Ammo bu yagona inqiroz emas. Biz ko‘p vektorli inqirozga duch kelmoqdamiz. Bu, shuningdek, urushdan keyingi vaziyat, Arsaxning aksariyat qismini (Tog‘li Qorabog‘ning armancha nomi), minglab yoshlarning hayotini yo‘qotish bilan ham bog‘liq", degan Sarkisyan.
Prezidentga ko‘ra, koronavirus pandemiyasi sababli sog‘liqni saqlash tizimidagi inqiroz ham mavjud.
"Armanistonda pandemiyaning ikkinchi to‘lqini birinchisi kabi xavfli ketmoqda. Juda ehtiyot bo‘lish kerak, chunki koronavirusdan vafot etganlar soni urush paytida (Tog‘li Qorabog‘dagi) vafot etganlar bilan deyarli teng va bu ko‘rsatkich o‘sishda davom etmoqda", degan Prezident.
Uning ta’kidlashicha, inqiroz ijtimoiy sohada, ayniqsa Tog‘li Qorabog‘ qochqinlari bilan bog‘liq vaziyat fonida ham kuzatilmoqda.
"Bundan tashqari, ma’naviy-psixologik inqiroz mavjud. Bugungi kunda minglab odamlar qanday qilib chipta sotib olish, Rossiyaga borish yoki Amerika vizasini olish haqida o‘ylamoqda", degan Sarkisyan.
Shuningdek, u investitsiyalar muammosi haqida gapirgan, uning fikricha, qiyin sharoitda Armaniston investorlar uchun jozibali emas.
Ma’lumot uchun, Armanistondagi siyosiy inqiroz mamlakat Tog‘li Qorabog‘dagi harbiy mojarolarda Ozarbayjondan yengilganidan beri davom etyapti. Inqiroz fevral oyi oxirida Armaniston Qurolli Kuchlari Bosh shtabi Pashinyanning iste’fosini talab qilgach, keskinlashdi. Yerevanda har kuni Bosh vazirning tarafdorlari va unga qarshilarning namoyishlari o‘tkazilyapti.
Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan esa joriy yilning aprel oyida iste’foga chiqishini e’lon qilgan.
LiveBarchasi