Sardor O‘rtach hibsga olindi
Olam
−
12 noyabr
56216Turkiyaning Istanbul shahri prokuraturasi tomonidan mashhur san’atkorlar va blogerlarga qarshi o‘tkazilgan tergov doirasida onlayn qimor reklamasida ishtirok etgan taniqli qo‘shiqchi Sardor O‘rtach hibsga olinib, unga uy qamog‘i jazosi tayinlandi. Bu haqda “Cumhuriyet” xabar berdi.
Qayd etilishicha, ushbu ish doirasida gumonlanayotgan 23 kishi orasida turkiyalik aktyor Mehmet Ali Erbil, musiqachi Zorbey Erkoch, 19 million obunachisi bor bloger Ibrohim Yilmaz, rus-turk blogeri Aleksandr Mensikov va 1,3 million obunachiga ega Esma Sezen ham hibsga olingan. Ular mahalliy Kiberjinoyatlar bo‘yicha tergov bo‘limi tomonidan qo‘lga olinib, so‘roq qilingandan so‘ng, prokuratura hibsga olish to‘g‘risida sudga talabnoma yuborgan.
Shu asosda Sardor O‘rtachga “pul tikish va qimor o‘yinlariga jalb qilish” aybi bilan uy qamog‘i jazosi tayinlangan. Sud majlisidan keyin O‘rtach o‘z ishidan pushaymon ekanini bildirgan.
“Juda afsusdaman. Ushbu qimor o‘yinlariga bo‘lgan qaramlik tufayli men uyimni, sog‘lig‘imni va oilamni yo‘qotdim. Endi esa suddaman”, dedi u.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘ona viloyatida o‘z Instagram sahifasida onlayn qimorni reklama qilgan 22 yoshli bloger qo‘lga olingan edi.