Sardor Umurzoqov eksportchilar muammolariga sust qarayotgan hokim o‘rinbosarining tanobini tortdi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov Qoraqalpog‘iston Respublikasi va 11 viloyatning tuman va shaharlari hokimlarining 31 nafar o‘rinbosari, shuningdek, "O‘zto‘qimachiliksanoat" uyushmasi va "O‘zsanoatqurilishmateriallari" uyushmasi kabi tarmoq birlashmalari rahbarlari “savaladi”.

Gap shundaki, kecha, 28 mart kuni videokonferensiya tarzida Sardor Umurzoqov rahbarligida tashqi savdo faoliyatining bugungi holati va uni rag‘batlantirish bo‘yicha navbatdagi chora-tadbirlarni muhokama qilishga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazilgan.

Yig‘ilishda mutasaddi rahbarlar tarmoqlar va hududlar kesimida eksport faoliyatining bugungi holati, mahalliy ishlab chiqaruvchilar va eksportchilarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar va bu borada mavjud muammolar yuzasidan hisobot bergan. Tadbirkorlar va eksportchilar muammolarini hal qilishda ularni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlarning sustligi tufayli alohida rahbarlar faoliyati qattiq tanqid qilingan.

Jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Samarqand, Sirdaryo, Toshkent, Farg‘ona, Xorazm viloyatlarining tuman va shaharlari hokimlarining 31 nafar o‘rinbosari, shuningdek, "O‘zto‘qimachiliksanoat" uyushmasi va "O‘zsanoatqurilishmateriallari" uyushmasi kabi tarmoq birlashmalari rahbarlari intizomiy javobgarlikka tortilgan.

Yuqorida qayd etilgan rahbarlarga eksportchilar bilan viloyat, tuman, shahar va mahallalar darajasida manzilli hamkorlikni faollashtirish vazifasi qo‘yilgan. Eksportga yo‘naltirilgan korxonalarning uzluksiz ishlashini ta’minlash, ularni ishlab chiqarish va eksport faoliyatida har tomonlama qo‘llab-quvvatlash masalalariga korxonalarga biriktirilgan xodimlar tegishli idoralar rahbarlari bilan birga shaxsan javobgar ekanligi qayd etilgan.

Shuningdek, mamlakat eksport salohiyatini yuksaltirish, yangi istiqbolli bozorlarni kashf etish hamda eksportga yetkazib berish yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish uchun yangi zaxira va imkoniyatlarni aniqlash va safarbar qilish bo‘yicha tizimli ishlarni davom ettirish zarurligi ta’kidlangan.

Yig‘ilish yakunida vazirliklar, idoralar, tijorat banklari va mahalliy hokimliklar rahbarlariga berilgan vazifalar ijrosi yuzasidan qo‘shimcha manzilli topshiriqlar berilgan. Ularning o‘z vaqtida bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tomonidan amalga oshiriladi.


Maqola muallifi

Teglar

Sardor Umurzoqov

Baholaganlar

258

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing