Sardoba fojiasi bo‘yicha yana 29 kishiga hukm o‘qildi

Jamiyat

image

Joriy yilning 12 sentyabr kuni Toshkent shahar sudida Sardobadagi suv toshqini sabab jinoiy ish figurantiga aylangan 29 nafar sudlanuvchiga oid jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha yopiq sud jarayoni nihoyasiga yetib, sud hukmi e’lon qilindi. Bu haqda Oliy sud Matbuot kotibi xabar berdi.

Sudlanuvchilar Jinoyat kodeksining 167, 28,167, 209, 28,209, 243 va 258 moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topildi.

E’lon qilingan sud hukmiga ko‘ra sudlanuvchilarning 

•    1 nafariga 3 yil mansabdorlik va moddiy javobgarlik bilan bog‘liq lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilingan holda 10 yil 3 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi, 

•    1 nafariga 3 yil mansabdorlik va moddiy javobgarlik bilan bog‘liq lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilingan holda 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish va bazaviy hisoblash miqdorining 550 baravari miqdorida jarima jazolari, 

•    1 nafariga 3 yil mansabdorlik va moddiy javobgarlik bilan bog‘liq lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilingan holda 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish va bazaviy hisoblash miqdorining 600 baravari miqdorida jarima jazolari, 

•    1 nafariga 3 yil tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqidan mahrum qilingan holda bazaviy hisoblash miqdorining 600 baravari miqdorida jarima jazolari 

•    2 nafariga 3 yil mansabdorlik va moddiy javobgarlik bilan bog‘liq lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilingan holda 4 yil muddatga ozodlikni cheklash va bazaviy hisoblash miqdorining 550 baravari miqdorida jarima jazolari, 

•    23 nafariga 3 yil mansabdorlik va moddiy javobgarlik bilan bog‘liq lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilingan holda bazaviy hisoblash miqdorining 400 dan 550 gacha baravari miqdorida jarima jazolari tayinlandi. 

Ushbu hukm ustidan apellyatsiya shikoyati va protestlari hukm e’lon qilingan kundan e’tiboran yigirma sutka ichida, mahkumlar va fuqaroviy da’vogarlar esa hukmning ko‘chirma nusxasi topshirilgan kundan e’tiboran shu muddat ichida Toshkent shahar sudi orqali Oliy sudga berilishi mumkin.

Sardoba toshqini

2020 yilning 1 may kuni Sirdaryodagi “Sardoba” suv ombori to‘g‘oni o‘pirilib, buning oqibatida 10 minglab aholi zarar ko‘rgandi. 5 mingga yaqin uylar yaroqsiz holatga kelib qoldi. Ekin maydonlari zarar ko‘rdi, yuzlab chorva mollari qurbon bo‘ldi. Sahar yopirilgan suv 6 kishini hayotdan bevaqt olib ketgandi.

Ushbu holat bo‘yicha Jinoyat kodeksining 207-moddasi va 258-moddasi “a” va “b” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan edi. Ushbu jinoyat ishi yuzasidan bugungi kunga qadar 17 nafar shaxs gumonlanuvchi tariqasida tergovga jalb qilinib, keyinchalik ularga nisbatan Jinoyat kodeksining turli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. 

“Sardoba ishi” bo‘yicha tergov jarayoni DXX Tergov boshqarmasi tomonidan olib borilgan bo‘lib, tergov 7 oyga cho‘zilgan. Sud hukmigacha mas’ul tergov organi tomonidan tergov qay tartibda o‘tkazilayotgani, unga jalb qilingan shaxslar haqida ma’lumot berilmagan. “Sekret”lar sudda ham davom etdi, sud majlisi ham yopiq tarzda o‘tkazildi.

“Sardoba ishi” bo‘yicha Oliy sudning Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan 14 nafar sudlanuvchiga Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismi “a”, “v” bandlari, 209-moddasi (mansab soxtakorligi) 2-qismi “a”, “b” bandlari va 258-moddasi (tog‘-kon, qurilish yoki portlatish ishlari xavfsizligi qoidalarini buzish) 2-qismi “a”, “b” bandlari va 3 nafar sudlanuvchiga esa Jinoyat kodeksining 203-moddasi va 207-moddasi (mansabga sovuqqonlik bilan qarash) 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, ulardan 6 nafariga 4 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi, qolgan 11 nafar shaxsga jarima jazosi tayinlandi.


Maqola muallifi

Teglar

Sardoba

Baholaganlar

239

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing