Sardoba falokatida aybdorlar qachon ma’lum qilinishi aytildi
Jamiyat
−
17 may 2020
16071Kecha, 16 may kuni Sirdaryo viloyatida Sardoba suv omboridagi hodisa yuzasidan Xalqaro press-klubning navbatdagi sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda Bosh prokuraturaning matbuot kotibi Hayot Shamsuddinov ushbu tergov ishlari qachon yakunlanishi va aybdorlar nomini qachon e’lon qilinishi haqida aytib o‘tdi.
“Odamlar birpasda aybdorlarni topib, unga jazo tayinlab, hukm o‘qib yuborishadi. Bu noto‘g‘ri. Nega? O‘zbekistonda konstitutsiya amal qiladi. Konstitutsiyada har bir fuqaroning aybsizlik prezumpsiyasi belgilangan. Ya’ni hech bir shaxs aybi isbotlanmaguncha, sud hukmi qonuniy kuchga kirmagunga qadar aybdor deb ko‘rsatilmasligi aniq belgilangan.
Huquqiy savodxonlikni oshirish konstitutsiyani o‘qishdan boshlanadi. Ijtimoiy tarmoqlarda shu narsani muhokama qilib, barvaqt xulosa chiqarganlar avvalambor konstitutsiyani olib o‘qib, shu normani o‘zlashtirib olishi kerak.
Jinoyat protsessual kodeksi talabiga ko‘ra, har qanday jinoyat ishi bo‘yicha 3 oy muddatdan oshmagan holda tergov tamomlanishi lozim. Zarurat bo‘lgan paytda, jinoyat ishining hajmiga qarab bu muddat 5 yoki 7 oygacha uzaytirilishi mumkin. Buning o‘z tartibi bor.
Tergov davomida JPK tartibiga ko‘ra, barcha zaruriy tergov harakatlari amalga oshiriladi, maqbul dalillar to‘planadi. O‘sha paytda aybdor shaxslar doirasi aniqlanadi va tegishli tartibda JPK talablari asosida ularga ayb e’lon qilinadi, jinoyat ishi tamomlanib, ayblov xulosasi mazmunan ko‘rib chiqish uchun sudga yuboriladi”, deydi Hayot Shamsuddinov.
Matbuot kotibi ularning nomlari faqat tergov yakunida e’lon qilinishi mumkinligini aytib o‘tildi.
“Familiyalarning oshkor qilinishi masalasiga kelsak, JPKda aniq ko‘rsatib o‘tilgan, odil sudlovni faqatgina sudlar amalga oshirishi mumkin.
Ya’ni jinoyat ishi sudga yuborilgandan keyin, belgilangan muddatda ko‘rib chiqiladi. Tergov davomida to‘plangan dalillar maqbulligi tekshiriladi. Aybdor shaxslarning har biriga huquqiy baho berilib, shunga qarab jazo tayinlanadi hamda hukm chiqariladi. O‘sha hukm qonuniy kuchga kirgandan keyingina aybdor shaxslarning to‘liq ism-shariflarini ommaga e’lon qilish mumkin.
Aybdor shaxslarni aniqlab, jazosini berib, jazo muqarrarligini ta’minlash vakolati faqatgina sudga berilgan”, deydi Bosh prokuratura vakili.
Avvalroq, ushbu fojiada qancha odam halok bo‘lgani haqida xabar berilgan edi.
LiveBarchasi