Saratonga chalingan bemorlar G‘azodan Turkiyaga yetkazildi
Olam
−
16 noyabr 2023
4530G‘azo sektoridan saraton kasalligiga chalingan dastlabki 27 nafar bemor va ularning 13 nafar hamrohi bugun, 16 noyabr kuni Misrdan Turkiya poytaxti Anqaraga yetkazildi. Bu haqda “Sabah” xabar berdi.
Turkiya Sog‘liqni saqlash vaziri Faxriddin Ko‘janing aytishicha, Isroil va Falastin o‘rtasida qurolli mojaro boshlangan 7 oktyabrdan buyon birinchi marta bemorlar G‘azodan Misr orqali uchinchi davlatga davolanish uchun olib ketilgan.
Ma’lum qilinishicha, bemorlar Prezident otryadining samolyotida Anqaraga yetkazilgan. Turkiya Sog‘liqni saqlash vaziri ham ular bilan birga yetib borgan. Aytilishicha, bemorlar Bilkent viloyatidagi davlat shifoxonasiga olib ketiladi.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, G‘azoda mingga yaqin saraton bilan kasallangan odamlar bor va Turkiya kerak bo‘lsa ularning barchasini qabul qilishga tayyor.
Bundan tashqari, Anqara aeroportiga Misrdan Turkiya Harbiy-havo kuchlariga tegishli samolyot ham yetib kelgan. Samolyot u yerda G‘azo aholisi uchun gumanitar yordam yetkazayotgan edi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq vazir Faxriddin Ko‘ja Turkiya, Misr va Isroil G‘azo sektoridan saraton kasalligiga chalingan bemorlar olib chiqish uchun muvofiqlashtiruvchi guruh tuzganini ma’lum qilgandi.
LiveBarchasi