“Sanjik” aldov bilan sotilgan hovlini bolalar uyiga topshirdi (video)
Jamiyat
−
25 Oktabr 2025 19903 3 daqiqa
Avvalroq, bo‘lajak kuyov aldov yo‘li bilan qizning hovlisini sotib yuborgani haqida xabar berilgandi. Ushbu hovlining xaridori bo‘lgan taniqli bloger va biznesmen “Sanjik” (Sanjar Karimov) turli xil muhokamalardan so‘ng 240 ming dollarlik uyni bolalar uyiga ehson qilishga qaror qildi. Bu haqda bloger o‘zining Instagram sahifasida ma’lum qildi.
“Sanjik”ning aytishicha, so‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilinayotgan bu masalada ko‘pchilik faqat shov-shuv (hype) ortidan quvmoqda, ammo hech kim bu vaziyatda qandaydir amaliy yechim taklif qilmayapti. Jabrlanuvchiga hech kim: “Manzilingizni ayting, men 1000 yoki hech bo‘lmasa 100 dollar yordam bermoqchiman” kabi so‘zlarni aytmayapti. Hamma birovning pulni taqsimlash, birovning o‘rniga qaror qabul qilishga tayyor.
“Shunga qaramay, biz katta yoshli insonlar, diniy ulamolar va oilamiz a’zolari bilan maslahatlashgan holda, shunday xulosaga keldikki, ushbu uyni ixtiyoriy tarzda bolalar uyiga ehson sifatida topshiramiz. Biz hozirgina bolalar uyiga borib, bu haqda ariza topshirdik, ya’ni, uyni davlat nomiga, bolalar uyi foydasiga, notarial tartibda ixtiyoriy ehson tariqasida berish istagimizni bildirdik.
Bu holat hammamiz uchun saboq bo‘lsin – ham biz uchun, ham jabrlanuvchining oilasi uchun. Har yili yil oxirida men ehson, zakot qilaman. 2025 yil uchun shu 240 ming dollarimni aynan mana shu yo‘l bilan bolalar uyiga uy hadya qilish orqali ehson va zakot sifatida berishga qaror qildim”, deydi u.
“Sanjik”ning qo‘shimcha qilishicha, yetim bolalar uyga, boshpana va mehrga ko‘proq muhtoj. Ular ham baxtli bo‘lishga haqli.
Ma’lumot uchun, 2024 yilning avgust oyida 1997 yilda tug‘ilgan Sh.R. (yigit) 1999 yilda tug‘ilgan Sh.A. (qiz)ga uylanishini aytib, uning ishonchiga kirgan. Biroq to‘ydan avval muammolari borligi uchun uning uyini garovga qo‘yib turishni, muammolari hal bo‘lgach, unga uylanishini aytib, aldov yo‘li bilan uyni boshqa fuqaroga, ya’ni bloger va biznesmen “Sanjik”ka 240 000 AQSH dollariga sotib yuborgan.
Mazkur holat yuzasidan Sh.R.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi ko‘rilgan.
Shuningdek, Toshkent shahar IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan olib borilgan dastlabki tergov jarayonida fuqaro Sh.R. boshqa fuqarolarga nisbatan ham bir nechta firibgarlik holatlarini sodir etganligi aniqlangan.
Barcha holatlar yuzasidan tergov harakatlari olib borilib, tergov yakuni bo‘yicha to‘plangan hujjatlar qonuniy chora ko‘rishlik uchun ayblov xulosasi bilan jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudiga yuborilgan. Hozirda mazkur jinoyat ishi doirasida sud jarayonlari boshlangan.
Live
Barchasi