Sanksiyalar effekti: Rossiyaning yirik yuk kemasi La-Manshda hibsga olindi
Olam
−
26 fevral 2022 18651 2 daqiqa
Rossiyaning Ukrainaga bosqini ortidan AQSH va g‘arbning Moskvaga kiritgan sanksiyalari yuqori natijalarini ko‘rsatishni boshladi. Bugun, 26 fevral kuni La-Mansh bo‘g‘ozida Rossiyaning “Baltic Leader” yuk kemasi qo‘lga olindi. Kemani ushlab turish to‘g‘risidagi qaror Fransiya Bosh vaziri huzuridagi Dengiz ishlari bo‘yicha Bosh kotibiyatda qabul qilingan.
AQSH sanksiyalari ostida qolgan kema Bulon-syur-Mer kommunasi portiga jo‘natilgan, deb xabar bermoqda AFP axborot agentligi.
"Elchixonaga Rossiya yuk kemasi kapitanidan favqulodda qo‘ng‘iroq kelib tushdi, u kema Fransiya hukumati tomonidan La-Mansh bo‘g‘ozida hibsga olingani haqida xabar berdi. Elchixonaning konsullik bo‘limi zudlik bilan Fransiya hukumati bilan bog‘lanib, bu masalaga aniqlik kiritdi. Natijalar keyinroq ma’lum qilinadi”, deydi Rossiyaning Parijdagi elchixonasi matbuot xizmati rahbari Aleksandr Makogonov.
Kema ekipajiga qirg‘oqqa chiqishga ruxsat berilgan, kemaning keyingi taqdiri sudda hal qilinadi. Bortda 19 kishi bo‘lgan.
Qayd etilishicha, kemada yangi avtomobillar olib ketilayotgan bo‘lgan. La-Mansh va Shimoliy dengizning dengiz prefekturasiga ko‘ra, kema “sanksiyalarga duchor bo‘lgan Rossiya manfaatlari bilan bog‘liq bo‘lishi” mumkin.
Fransiya ommaviy axborot vositalariga ko‘ra, kema AQSH sanksiyalari ro‘yxatiga kirgan Promsvyazbankning sho‘’ba korxonasi PSB Leasing kompaniyasiga tegishli. Shuningdek, 12 apreldan boshlab ushbu kompaniyaga nisbatan Yevropa ittifoqi tomonidan cheklovlar kuchga kirishi kerak.
“Elchixona Fransiya TIVga norozilik notasi yuboradi va rossiyalik dengizchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilish uchun zarur choralarni ko‘radi”, deya qo‘shimcha qilgan Makogonov.
Ta’kidlanishicha, Fransiya tomoni kemaning ushlab turilishini bojxona hujjatlari bilan bog‘lagan. Makogonovning so‘zlariga ko‘ra, Fransiya hukumati kema hujjatlari bilan qiziqqan.
Ma’lumot uchun, La-Mansh – Fransiya qirg‘oqlari va Buyuk Britaniya oroli orasidagi bo‘g‘oz.
Live
Barchasi