Sankt-Peterburgda o‘zbekistonliklar YTH sodir etdi. Qurbon bor
Olam
−
30 Oktabr
7441Rossiyaning Sankt-Peterburg shahri Kalinin tumanida kecha, 29 oktyabr kuni o‘zbekistonliklar ishtirokida halokatli yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Jarohatlanganlarning biri shifoxonada vafot etdi. Bu haqda politsiyaga tayanib, “78.ru” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, kecha, 29 oktyabr kuni mahalliy vaqt bilan taxminan 23:40 da Gjat va Gidrotexnika ko‘chalari kesishmasida 50 yoshli O‘zbekiston fuqarosi Kia avtomobilini haydab ketayotgan vaqtda boshqaruvni yo‘qotib, beton devorga katta tezlikda urilgan.
Nashrga ko‘ra, haydovchi giyohvand modda ta’siri alomatlari bilan, (shuningdek, yonidagi yo‘lovchi ham shunday holatda bo‘lgan) devorga urilgan. Ularning hech biri xavfsizlik kamarini taqmagan. Yo‘l-transport hodisasi oqibatida haydovchining oyoq va tos suyagi singan, shuningdek, tan jarohatlari bilan og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizilgan.
Qayd etilishicha, avtomobilda bo‘lgan 37 yoshli yo‘lovchi ham qovurg‘a sinishi va bosh jarohati bilan og‘ir ahvolda shifoxonaga olib borilgan. Yana bir yo‘lovchi – 45 yoshli O‘zbekiston fuqarosi bosh terisi shilinishi, oyoq va qo‘l jarohatlari, shuningdek, qo‘l va oyoq suyaklari sinishi bilan shifoxonada vafot etgan.
Hozirda hodisa yuzasidan tergov olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘istonning Atirau viloyatida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasida haydovchi va uch nafar yo‘lovchi halok bo‘lgan edi. Ma’lumotlarga ko‘ra, haydovchi 38 yoshli O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan.