Sankt-Peterburgda migrantlarning millatini aniqlovchi kameralar o‘rnatiladi
Olam
−
24 mart
2313Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida 8 mingta kuzatuv kameralari etnik identifikatsiyani aniqlash uchun sozlanadi. Bu haqda “Kommersant” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, mansabdorlar kameralar yordamida migrantlarni va ularning zich yashash joylarini kuzatmoqchi ekanini bildirgan. Rossiya Prezidenti huzuridagi Inson huquqlari bo‘yicha kengash esa mansabdorlarning etnik identifikatsiyani kamera tasviridan aniqlash haqidagi bayonotini “inson qadr-qimmatini tahqirlovchi” deb atagan.
Shahar kameralarini sozlash bo‘yicha bayonot bilan Sankt-Peterburg ma’muriyatining millatlararo munosabatlar qo‘mitasi rahbari Oleg Kapitanov chiqqan. Hukumat yig‘ilishida hisobot bilan chiqish qilar ekan, u “Xavfsiz shahar” axborot tizimining yangi funksional imkoniyati – “shaxslarning etnik mansubligini aniqlash mexanizmi” haqida gapirgan. Ushbu mexanizm Kapitanovning tushuntirishicha, “etnik anklavlarning shakllanishiga qarshi kurashish” uchun ishlab chiqilgan bo‘lib, u mintaqada ijtimoiy tanglikning oldini olish bo‘yicha o‘z vaqtida profilaktik choralar ko‘rish imkonini beradi.
Kapitanov, shuningdek, ushbu yangi funksional imkoniyat 8 mingta shahar kamerasiga o‘rnatilishini qo‘shimcha qilib, uning qo‘mitasi allaqachon shaxslarning etnik mansubligini aniqlash uchun litsenziya sotib olish bo‘yicha shartnoma tuzganini aytgan (“Kommersant” ma’lumotlariga ko‘ra, buning uchun 38,4 million rubl sarflanadi).
Uning so‘zlariga ko‘ra, 2024 yilda shahar aholining atigi 43 foizi millatlararo munosabatlar holatini ijobiy baholagan, bu esa ma’muriyat kutgan 62 foizdan ancha past. Xuddi shu yig‘ilishda so‘zga chiqqan Davlat dumasi deputati Mixail Romanov esa piyodalar yo‘laklarida elektr velosipedlarda harakatlanib, odamlarni urib ketayotgan migrant-kurerlar haqida shikoyat qilgan.
Sankt-Peterburg ma’muriyatining Axborotlashtirish va aloqa qo‘mitasi “Xavfsiz shahar”ni rivojlantirish doirasida 2024 yil oxirida “shaxslarning etnik mansubligini aniqlash dasturiy ta’minotidan foydalanish huquqi uchun litsenziya” sotib olinganini tasdiqlagan.
“Bu funksional imkoniyat ommaviy tadbirlar chog‘ida tartib va xavfsizlikni ta’minlash uchun resurslarga bo‘lgan ehtiyojni aniqroq prognoz qilish, turli tillarda so‘zlashuvchi volontyorlar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarini jalb qilishni optimallashtirish imkonini beradi”, deya tushuntirgan qo‘mita.
Inson huquqlari kengashi rahbari Valeriy Fadeyev etnik anklavlarning shakllanishini aniqlash uchun murakkab dasturiy majmuaga ega 8 mingta kamera nega kerak degan savol qo‘ygan.
“Peterburg va boshqa istalgan shahar hokimiyati anklavlar qayerda shakllanayotganini allaqachon biladi”, deya fikr bildirgan u.
MDH mamlakatlari instituti direktor o‘rinbosari Aleksandr Dokuchayev esa Sankt-Peterburg texnologiyasi, masalan, “qozoqlarni yakutlardan qanday farqlashi” bilan qiziqqan. U tashabbusni “g‘alati” deb atagan.
“Bu bayonot xato, u faqat taranglik va millatlararo adovatni kuchaytiradi. Bu jihatdan davlat lavozimidagi odamlarning kompetentligiga jiddiy savollar tug‘iladi”, deydi u.
Valeriy Fadeyev kameralar orqali “etnik identifikatsiya”ni aniqlash masalasini “inson qadr-qimmatini kamsituvchi” deb baholagan.
“Hatto Rossiya pasportida ham millat ko‘rsatilmaydi. Endi esa qandaydir videokameralar odamning milliy mansubligini aniqlaydi, deyishmoqda”, deydi Inson huquqlari kengashi rahbari.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Davlat dumasidagi “Spravedlivaya Rossiya — Za pravdu” fraksiyasi rahbari Sergey Mironov Rossiyada migrantlarning o‘z vataniga pul o‘tkazgani uchun 3 foizlik soliq joriy etish taklif qilgan edi. Mironovning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston va Qirg‘iziston fuqarolariga soliq solinganda ham bir yilda byudjetga 45 mlrd rubl qolishi mumkin.