Sanitariya-gigena nazorati tang ahvoldami? Senat Abdulla Aripovga parlament so‘rovi yubordi

Jamiyat

image

Senat yalpi majlisida tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishda aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini ta’minlash masalalari to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abudlla Aripovga parlament so‘rovini yuborish masalasi ko‘rib chiqildi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Qayd etilishicha, oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish, saqlash, realizatsiya qilish, shuningdek, umumiy ovqatlanish sohasida faoliyat yurituvchi ko‘plab tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena talablariga rioya qilmaslik holatlari kuzatilmoqda.

Oqibatda sanitariya-gigiyena talablariga javob bermaydigan mahsulotlar aholi iste’moliga chiqarilmoqda va tadbirkorlik sub’ektlarining faoliyatida antisanitariya holatlari yuzaga kelmoqda.

Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati respublika markazi ma’lumotlariga ko‘ra, 2017-2018 yillarda 114 ta holatda 1 ming 190 nafar fuqaro, shundan 222 nafari bolalar ovqatdan zaharlanib, 9 nafari vafot etgan.

Uyushgan jamoalarda guruhli ovqatdan zaharlanish 2017 yilda 8 ta, 2018 yilda esa 7 ta holatda qayd etilgan. Shulardan 4 tasi maktabgacha ta’lim muassasalarida ro‘y berib, 73 nafar bola “O‘tkir diareya, dizenteriya” infeksion kasalligi tashxisi bilan shifoxonalarga yotqizilgan.

So‘nggi ikki yilda jami 102 mingdan ziyod umumiy ovqatlanish va oziq-ovqat savdo ob’ektlaridagi xodimlarning tibbiy ko‘rik daftarchalari monitoring qilinganda 54 mingdan ortiq ishchi tibbiy ko‘rikdan o‘tmaganligi aniqlangan.

Bundan tashqari, tadbirkorlik sub’ektlari vaqti-vaqti bilan zararsizlantirish (suvarak, pashsha va boshqa shu kabi hashoratlarga qarshi kurashish) tadbirlarini o‘tkazish, buning uchun xo‘jalik hisobidagi dezinfeksiya stansiyalari bilan shartnoma tuzishi talab etilsa-da, tadbirkorlar tomonidan ushbu masalaga umuman e’tiborsizlik bilan qaralmoqda.

Tahlillardan kelib chiqib, barcha, shu jumladan, xususiy tadbirkorlik sub’ektlariga tegishli oziq-ovqat va umumiy ovqatlanish joylarida ham davlat sanitariya nazoratini istalgan vaqtda, hech qanday moneliksiz, moliya-xo‘jalik faoliyatiga aralashmagan holda o‘tkazish huquqini berish masalasini ko‘rib chiqish maqsadga muvofiq hisoblanadi.

Parlament so‘rovida ko‘tarilgan masalalar o‘ta dolzarb va muhim ahamiyatga ega ekanligini, shuningdek, mazkur masala bevosita fuqarolarning salomatligini muhofaza qilish bilan bog‘liq ekanligini inobatga olib, Senat qarori loyihasi ma’qullangan.


Maqola muallifi

Teglar

Abdulla Aripov sanitariya-gigena parlament so'rovi

Baholaganlar

74

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing