IIVga kamera va radarlar yuzasidan parlament so‘rovi yuborildi
Jamiyat
−
28 aprel 8432 2 daqiqa
Bugun, 28 aprel kuni Ichki ishlar vaziri Aziz Toshpo‘latovga “Avtomobil yo‘llaridagi foto-video qayd etish texnika vositalarining yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashdagi samaradorligi hamda yo‘l harakati sohasiga axborot texnologiyalarini joriy etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida” parlament so‘rovi yuborildi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, qonunchilik palatasi deputatlarining saylov okruglarida fuqarolar bilan o‘tkazilgan muloqotlari va uchrashuvlari davomida transport vositalari haydovchilari tomonidan sodir etilgan qoidabuzarliklarni aniqlovchi foto-video qayd etish texnika vositalarining yoki ko‘chma fotoradarlarning faoliyati borasida ayrim e’tirozlar bildirilmoqda.
Xususan, ruxsat etilgan tezlik ko‘rsatkichlari keskin o‘zgaradigan qismlarda yo‘l belgilari yetarli darajada ko‘rinadigan nuqtalarga o‘rnatilmagani, foto-video qayd etish tizimida ma’lumotlarni qayta ishlash chog‘ida jarimalarni hisoblashda texnik xatolarga yo‘l qo‘yilishi oqibatida asossiz ravishda ma’muriy jazo choralari qo‘llanilishi, ayrim yo‘llarning sifati talab darajasida emasligi, yo‘l chiziqlarining ko‘rinmasligi yoki noto‘g‘ri belgilangani o‘z navbatida, yo‘l harakati qoidalarining buzilishiga olib kelayotgani va piyodalar yo‘laklarida svetoforlar yetishmayotgani fuqarolarning haqli e’tirozlarini keltirib chiqarmoqda.
Shuningdek, Prezident raisligida yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash, infratuzilmasini yaxshilash va tirbandliklarni kamaytirish yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ham yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash, jumladan, avtomobil yo‘llarida inson xavfsizligini ishonchli ta’minlash hamda yo‘l infratuzilmasini takomillashtirish yuzasidan bir qator vazifalar belgilab berilgan.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, “Xavfsiz va ravon yo‘l” umummilliy dasturi”ning ijrosi, yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish yo‘nalishidagi loyihalarni moliyalashtirish, foto-video qayd etish texnika vositalarining yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashdagi samaradorligi va natijadorligi tahlili hamda yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash borasida mavjud muammolar va kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan asoslantirilgan tushuntirishlar berish haqida Ichki ishlar vaziriga parlament so‘rovi yuborilgan.
Live
Barchasi