San’at maktablari o‘qituvchilari maoshi oshiriladi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti "Bolalar musiqa va san’at maktablari rahbar, o‘qituvchi va konsertmeysterlari mehnatiga haq to‘lash va ularni moddiy rag‘batlantirish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida"gi qarorni imzoladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Bolalar musiqa va san’at maktablarida ta’lim-tarbiya berish sifatini yangi bosqichga ko‘tarish, ko‘p yillar davomida o‘zining fidokorona xizmatlari bilan ta’lim samaradorligini oshirishga hissa qo‘shib kelayotgan bolalar musiqa va san’at maktablari rahbar va pedagog xodimlarining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, ularning ijodiy mahorati va mehnatini munosib rag‘batlantirish tizimini yanada takomillashtirish maqsadida:

1. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Moliya vazirligining bolalar musiqa va san’at maktablari xodimlarining bazaviy tarif stavkalarini 2019 yil 1 oktyabrdan:

direktor va direktor o‘rinbosarlari uchun – 1,5 baravarga;

o‘qituvchilar va konsertmeysterlar uchun – 1,25 baravarga oshirish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin.

2. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda:

a) bolalar musiqa va san’at maktablarida o‘quv-tarbiya jarayonini tubdan yaxshilash maqsadida ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish asosida:

ta’lim sifatini baholashning zamonaviy tizimini ishlab chiqsin va tasdiqlasin;

axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalanishni nazarda tutgan holda ўқув reja va dasturlarni qayta ko‘rib chiqsin hamda tasdiqlasin;

b) bolalar musiqa va san’at maktablari:

rahbar xodimlari lavozimiga nomzodlarni tanlov asosida saralash amaliyotini joriy qilish va ularni rag‘batlantirishni kuchaytirish;

rahbar xodimlarining masofadan turib malakasini oshirish tizimini samarali tashkil etish va qamrovini kengaytirish;

o‘qituvchilari va konsertmeysterlariga nisbatan malaka talablari, ular faoliyatini baholash tizimi hamda ta’limning mazmun va sifatiga qo‘yilgan davlat talablarini takomillashtirish choralarini ko‘rsin.

3. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi mazkur qarorni amalga oshirish bilan bog‘liq xarajatlarni moliyalashtirish uchun talab etiladigan zarur mablag‘larni 2019 yil uchun ajratsin hamda 2020 yildan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti xarajatlari parametrlarida nazarda tutsin.

4. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

5. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A.Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti   Sh.MIRZIYOEV

Toshkent shahri,
2019 yil 30 sentyabr


Maqola muallifi

Teglar

Prezident qarori san'at maktablari

Baholaganlar

40

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing