Samsung elektrotexnika narxlari keskin oshishidan ogohlantirdi
Texnologiya
−
08 yanvar 3982 2 daqiqa
Xotira chiplariga bo‘lgan yuqori talab butun dunyo bo‘ylab elektronika narxining oshishiga olib keladi. Bu haqda Samsung kompaniyasi ogohlantirmoqda.
Muammo smartfonlardan tortib televizorlar va maishiy texnikagacha bo‘lgan butun sanoatga ta’sir qiladi.
Samsung – dunyodagi eng yirik xotira mikrosxemalari ishlab chiqaruvchisi, ammo uning mahsulotlari ham smartfonlar, noutbuklar, maishiy texnika va haydovchisiz avtomobillarda ishlatiladigan komponentlar narxining oshishidan kafolatlanmagan.
“Yarimo‘tkazgichlarni yetkazib berish bilan bog‘liq muammolar hammaga ta’sir qiladi”, deydi Janubiy Koreya kompaniyasi prezidenti va global marketing bo‘limi boshlig‘i Vonjin Li.
Uning qo‘shimcha qilishicha, narxlar hozir oshmoqda va kompaniya bu yukni iste’molchilar gardaniga tushishi oldini olishga harakat qilishiga qaramay, tez orada Samsung o‘z mahsulotlari narxini qayta ko‘rib chiqishiga to‘g‘ri keladigan vaziyatga tushib qolishi aniq.
Ma’lumot uchun, 2026 yilda dunyoda DRAM va NAND xotira chiplarining jiddiy taqchilligi davom etmoqda. Bu muammo sun’iy intellekt (AI) uchun mo‘ljallangan yuqori daromadli chiplarga ishlab chiqarish quvvatlarining yo‘naltirilgani sababli yuzaga kelgan bo‘lib, oddiy smartfon va kompyuterlar uchun xotira narxlarini keskin oshirib yubordi.
AQSH, Xitoy va Tayvan o‘rtasidagi texnologik raqobat ta’minot zanjirini bo‘laklarga bo‘lib yubormoqda. Ko‘plab davlatlar "texnologik suverenitet" uchun eksport nazoratini kuchaytirmoqda va kritik materiallarga cheklovlar qo‘ymoqda.
Yangi yarimo‘tkazgich zavodlarini (fab) qurish xarajatlari 30 milliard dollardan oshib ketmoqda, bu esa kichikroq ishlab chiqaruvchilarning bozordan chiqib ketishiga va narxlarning ko‘tarilishiga sabab bo‘lmoqda.
Live
Barchasi