Samsung narxlarni 60 foizgacha oshirdi

Olam

image

Samsung Electronics noyabr oyida bir qator xotira chiplarining narxini keskin – 60 foizgacha oshirdi. Bu haqda jarayondan bevosita xabardor bo‘lgan manbalarga tayanib, “Reuters” agentligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, narxlarning bu darajadagi sakrashi global sun’iy intellekt infratuzilmasiga talab keskin ortgani, ammo yetkazib berish zanjirida uzilishlar kuchaygani bilan izohlanmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, Samsung'ning asosiy mijozlari uchun belgilangan kontrakt narxlari sentyabrdan buyon sezilarli ravishda qimmatlagan.

Masalan, 32 GB DDR5 modul narxi sentyabr oyidagi $149 dan noyabrga kelib $239 ga chiqdi. 16 GB va 128 GB modullar narxi ham qariyb 50 foizga oshgan. 64 GB va 96 GB variantlarda esa 30 foizdan yuqori o‘sish qayd etilgan.

Bu oshish nafaqat serverlar bilan ishlovchi kompaniyalarni, balki smartfon, noutbuk va boshqa iste’molchi texnikasini ishlab chiqaruvchilarni ham bosim ostiga qo‘ymoqda. Analitiklarning aytishicha, ichki komponentlar qimmatlashgani fonida yaqin oylarda tayyor qurilmalar narxi ham ko‘tarilishi mumkin.

Samsung Electronics narxlar oshirilgani yuzasidan rasmiy izoh bermagan. Biroq kompaniya Janubiy Koreyada yangi yuqori unumli chip ishlab chiqarish liniyasini faollashtirishni rejalashtirayotgani ma’lum qilingan. Mutaxassislarning fikricha, bu qaror sun’iy intellekt bozorining o‘rtacha va uzoq muddatli o‘sish istiqbollari bilan bog‘liq.

Sanoat ekspertlari Samsung 2025 yilning to‘rtinchi choragida kontrakt narxlarini yana 40–50 foiz oralig‘ida oshirishi mumkinligini taxmin qilmoqda. Bu esa umumiy bozor prognozlaridan o‘rtacha 30 foizgacha yuqori ko‘rsatkich.

Qobilova Komila


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Samsung sun'iy intellekt

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing