Samolyotlar Afg‘oniston havo hududini aylanib o‘tishni boshladi

Olam

image

“Tolibon” Afg‘onistonda hokimiyatni egallab olganidan keyin Milliy havo hududini ham qo‘lga oldi. Shu sababli Afg‘oniston aviatsiya ma’murlari bugun, 16 avgust kuni tranzit samolyotlarga yo‘nalishlarini o‘zgartirib, mamlakatdan uzoqroq turishni tavsiya qildi. Bu haqda “Reuters” nashri xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, Qobul aeroporti AQSH qo‘shinlari tomonidan nazoratga olingan. Bugun aeroportda besh kishi halok bo‘ldi. Ularni amerikalik askarlar otib o‘ldirgan bo‘lishi ham mumkin.

United Airlines, British Airways va Virgin Atlantic aviakompaniyalari AQSH Qurolli Kuchlari mamlakatni tark etib, G‘arb davlatlari esa o‘z fuqarolarini evakuatsiya qilishga uringan bir paytda Afg‘oniston havo hududidan foydalanishni to‘xtatgan. 

Bugun esa Qatar Airways, Singapore Airlines, Lufthansa, Air France KLM, shuningdek, Tayvanning China Airlines aviakompaniyalari ham qatnovlarni to‘xtatgan.

Xabarga ko‘ra, Afg‘oniston fuqaro aviatsiyasi o‘z saytida uchuvchilarga Qobuldan amalga oshiriladigan har qanday havo tranziti nazoratsiz qolishi mumkinligini ma’lum qilgan.

“Qobul havo yo‘llari harbiylarga topshirildi. Tranzit samolyotlarga yo‘nalishini o‘zgartirishni maslahat bering”, deyiladi xabarnomada. 

Ma’lum qilinishicha, saytdagi xabardan so‘ng, ba’zi bir reyslar darhol qaytib ketgan. Aviaqatnovlarni nazorat qiluvchi FlightRadar24 saytining ko‘rsatishicha, Chikagodan Dehliga parvozlarni amalga oshiruvchi Air India, Bakudan Dehliga qatnovchi Terra Avia ham o‘z yo‘nalishini o‘zgartirib, mamlakat hududini tark etgan.


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston Havo hududi

Baholaganlar

487

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing