Samarqandlik 19 yoshli qiz Telegram`da xayriya niqobi ostida firibgarlik qilgani fosh bo‘ldi

Jamiyat

image

Ko‘pchilik ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilariga ma’lumki, Telegram tarmog‘ida “E’zozaga yordam” xayriya guruhi tashkil qilingan edi. Bu guruh orqali saxovatli va ko‘ngilli insonlar og‘ir xastalikka chalingan hozirda 3 yosh bo‘lgan E’zozaning davolanishi uchun yordam berib kelmoqdalar. Ammo bu guruh ortida firibgarlar borligi ma’lum bo‘ldi. Bu haqda Toshkent viloyati IIBB xabar berdi.

Joriy yilning 13 avgust kuni Toshkent viloyati IIBB 1-mintaqaviy hudud muvofiqlashtirish markazi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida, Telegram tarmog‘i orqali xayriya uchun deb 10 million so‘m va 1 400 AQSH dollari miqdoridagi pullarni firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirayotgan shaxs Samarqand shahrida qo‘lga olindi.

Toshkent viloyati IIBB 1-mintaqaviy hudud boshlig‘i nomiga Chirchiq shahrida yashovchi E’zozaning otasi fuqaro E.Gulmetov ariza bilan murojaat qilgan. U o‘z arizasida no’malum ayol uning qizi E’zozaga tegishli bo‘lgan ma’lumotlarni o‘zlashtirish orqali Telegram ijtimoiy tarmog‘ida tashkil etilgan “E’zozaga yordam” guruhida o‘zini go‘yoki E’zozaning onasi deb tanishtirib, firibgarlik yo‘li bilan xayriya pullarini o‘zlashtirayotgani haqida bayon qilib, unga tegishli chora ko‘rishni so‘ragan.

Holat yuzasidan IIBB tezkor xodimlari tomonidan olib borilgan surushtiruvlar davomida ushbu ayolning E’zozaga yoki uning yaqin qarindoshlariga hech qanday aloqasi yo‘qligi aniqlangan va tezkor tadbir tashkil etildi.

Tadbirga o‘z ixtiyori bilan ko‘maklashishga rozilik bildirgan E’zozaning otasi internetdagi noma’lum ayol bilan shartli ravishda “saxovatli inson” bo‘lib telefon orqali muloqotga kirishgan. Shunda, ayol E’zozaning onasi ekanligini va qizchaning kunlik muolajalari uchun zudlik bilan 25 million so‘m pul zarurligini, uning ahvoli og‘irligini va o‘zi Samarqand viloyatida ekanligini aytib, xayriya pullarini olish uchun Toshkent shahrida ichki ishlar xodimi bo‘lib ishlovchi tanishini yuborishini aytgan.

Shundan so‘ng, tadbirga IIV O‘XB Toshkent viloyati bo‘yicha bo‘limi xodimlari ham jalb etilgan va soat 17:30 larda belgilangan joyga kelib “saxovatli inson”ga o‘zini Shavkat deb tanishtirgan fuqaro xayriya sifatida berilayotgan kelishilgan pullarni olayotgan vaqtida tadbir qatnashchilari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Tekshiruv davomida, u aslida 1981 yilda Samarqand shahrida tug‘ilgan “Samarqand-Toshkent” yo‘nalishida yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanuvchi Shavkat B. ekanligi va biron-bir huquqni muhofaza qiluvchi organda xizmat qilmasligi aniqlangan.

Ushlangan shaxs bilan o‘tkazilgan suhbat davomida, unga no’malum ayol qo‘ng‘iroq qilib, Toshkent shahrida 10 million so‘m va 1 400 AQSH dollari miqdoridagi pullari borligini, faqat pulni olayotgan odamiga o‘zini IIO xodimi deb tanishtirishini iltimos qilganligini va buning evaziga 200 ming so‘m “pochta” puli olishga kelishganini ma’lum qilgan.

Shundan so‘ng, haydovchi Shavkat B. o‘z ixtiyori bilan tezkor tadbirni davom ettirishga rozilik bildirgan.

14 avgust kuni Samarqand viloyati Samarqand shahrida tezkor tadbir davom ettirilib, firibgarlikda gumonlanuvchi ayol haydovchi Shavkatdan kelishilgan pullarni olayotgan vaqtida tadbir ishtirokchilari tomonidan ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.

Firibgarlikda gumonlangan shaxs 2001 yilda tug‘ilgan, turmushga chiqmagan Samarqand shahrida yashovchi M.M. ekanligi aniqlangan. O‘tkazilgan suhbat davomida, u Telegram ijtimoiy tarmog‘ida faol ekanligi va bir biridan farq qiluvchi 8 ta profildan foydalanishi ularning 4 tasi AQSH raqamlaridan ochilganligi aniqlangan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan, fuqaro M.M.ga nisbatan Qibray tumani IIB tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

firibgarlik

Baholaganlar

295

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing