Samarqandga duo ketganmi? Nega Samarqand hokimi bo‘lganlar Vazirlar Mahkamasiga ko‘tariladi?

Tahlil

image

O‘zbekiston sharoitida Vazirlar Mahkamasi shaxsiy tarkibidan o‘rin oluvchi kadrlarning asosiy qismi ko‘p hollarda Samarqand viloyatida qaysidir rahbarlik lavozimida ishlagan bo‘lardi. Bu norasmiy an’ana. Aytaylik mamlakat rahbari Shavkat Mirziyoyev ham Bosh vazir bo‘lgunga qadar, 2001-2003 yillarda Samarqand viloyati hokimi lavozimida ishlagan. 

Qolaversa, bir vaqtlar Bosh vazir o‘rinbosari bo‘lgan Zoyir Mirzayev ham Samarqand hokimi bo‘lgach, birdan Hukumatdagi asosiy o‘rinni egallagan. Bu safargi geolokatsiya – Buxoro. 

Xabaringiz bor, Buxoro viloyati hokimi O‘ktam Barnoyev nomzodi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining bugun, 27 fevral kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida Bosh vazirning agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga ko‘rsatildi. Deputatlar nomzodni tasdiqladilar. Endilikda O‘zbekiston Prezidenti o‘z farmoni bilan O‘ktam Barnoyevni lavozimga tayinlashi kerak.

XO‘Sh, O‘KTAM BARNOEV KIM. UNING QANDAY O‘TMISHI BOR? 

Barnoyev yosh ko‘ringani bilan allaqachon 56 yoshni urib qo‘ygan. U Buxoroga boshqa viloyatdan kelmagan. Shu yerning suvini ichib, tuzini yeb ulg‘aygan. 1964 yilning 4 oktyabr kuni Buxoro viloyati, Romiton tumanida tavallud topgan Barnoyev, 2016 yildan buyon Buxoro viloyati hokimi lavozimida faoliyat yuritib kelmoqda. 

Uning ma’lumoti – oliy. U 1986 yilda Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutini tamomlagan. 

1986-1995 yillarda Buxoro viloyati 6-son qurilayotgan korxonalar birlashgan direksiyasining texnik bo‘limi muhandisi, texnik nazorat muhandisi, direksiya direktorining qurilish bo‘yicha o‘rinbosari, direksiya direktorining moliyaviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan. 

1995 yildan 1997 yilgacha “Amubuxorokanalqurilish” boshqarmasi boshlig‘ining iqtisodiyot bo‘yicha o‘rinbosari bo‘lgan. 

1997 yildan buyon Barnoyevning faoliyati mahalliy va respublika miqyosidagi boshqaruv organlari bilan bog‘landi. 1997-2000 yillarda u Buxoro viloyati qishloq va suv xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘ining iqtisodiyot va islohotlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari bo‘lib ishladi. 

2000 yilda esa Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi hisob va hisobot uslubiyoti boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari lavozimiga ko‘tarildi. Ko‘pga bormay, Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi iqtisodiy nochor korxonalar bilan ishlash boshqarmasi boshlig‘i bo‘ldi va bu lavozimda 2001 yilgacha faoliyat yuritdi. 

2001-2002 yillarda Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilarini sanatsiya qilish va moliyaviy qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘i bo‘ldi. 

2002 yilda O‘ktam Barnoyev O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasida ish boshladi.  U Agrosanoat kompleksi yetakchi mutaxassisi edi va bu lavozimda 2004 yilgacha ishladi. Shu yili Agrosanoat va suv xo‘jaligi komplekslari masalalari axborot-tahlil departamenti mudiri bo‘ldi. 

2005 yilda Vazirlar Mahkamasi Qishloq va suv xo‘jaligi, qishloq xo‘jalik mahsulotlarini qayta ishlash hamda iste’mol tovarlar masalalari axborot-tahlil departamenti mudiri lavozimini egalladi. 

2007 yilda esa O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari bo‘ldi. 

Yuqorida Hukumat rayosatidan o‘rin olganlarning asosiy qismi Samarqand viloyatida hokimlik lavozimida ishlaganini qayd etgan edik. Aslida Barnoyev ham Samarqandga begona emas. U ham 2008-2010 yillarda Samarqand viloyati hokimi lavozimida ishlagan. Negadir u o‘zidan avvalgi va keyingi rahbarlar kabi Samarqand viloyati hokimligidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri Hukumatga sakrash qilmadi. 2011 yildan to 2016 yilgacha Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi “O‘zsuvnazorat” respublika suv inspeksiyasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi lavozimida ishladi. 2016 yilda esa bir muddat Qishlok va suv xo‘jaligi vazirligi “O‘zsuvnazorat” respublika suv inspeksiyasi boshlig‘i va “O‘zagrokimyohimoya” AJ boshqaruvi raisi bo‘ldiyu, shu yilning o‘zida Buxoro viloyati hokimligiga tayinlandi. 

Tartib-taomilga ko‘ra, u ayni vaqtda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi ham. 

Barnoyev o‘tgan davr oralig‘ida Buxoro hokimligini qanchalik eplagani, viloyatning siyosiy, iqtisodiy, madaniy va boshqa sohalarda qanchalik rivojlantirgani, tadbirkorlik muhitiga qanchalik yo‘l ochib bergani va eng muhimi mahalliy aholining dardiga qay darajada darmon bo‘la olganiga biz emas, ularning o‘zi baho bergani ma’qul. 

Darvoqe, Barnoyev bilganimiz qadar Samarqandda rahbar bo‘lib Hukumatga ko‘tarilayotgan uchinchi kadr. Samarqandga duo ketganmi?  


Maqola muallifi

Teglar

O'ktam Barnoev

Baholaganlar

693

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing