Samarqanddan Yekaterinburgga uchgan samolyotda favqulodda holat ro‘y berdi

Jamiyat

image

Bugun, 31 yanvar kuni ijtimoiy tarmoqlarda Yekaterinburg – Samarqand yo‘nalishida parvoz qilgan samolyotda favqulodda holat yuzaga kelgani va uchoq motorlaridan biri ishlamay qolgani haqida xabarlar tarqaldi. Tarqalgan videolarda yo‘lovchilarga kislorod niqoblari berilganini ko‘rish mumkin.

Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi rasmiy ma’lumot berdi.

Ma’lum qilinishicha, joriy yilning 28 yanvar kuni “Uralskiye avialinii” aviakompaniyasining A320 VQ BNI havo kemasi Samarqand – Yekaterinburg yo‘nalishi bo‘yicha SVR 2862 reysini amalga oshirgan. Toshkent vaqti bilan 07:41 da samolyot Samarqand aeroportidan muvaffaqiyatli uchgan.

Parvoz davomida Moskva vaqti bilan soat 10:01 da ekipaj komandiri samolyotda texnik nosozlik yuz berganligi haqida havo harakatini boshqarish dispetcheriga avariya signalini bergan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, samolyot kabinasi germetizatsiyasida nosozlik yuzaga kelgan.

Kolsovo aeroportining favqulodda xizmatlari samolyotni qabul qilish uchun shay holatga keltirilgan. Bortida 159 nafar yo‘lovchi va 6 nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan samolyot Toshkent vaqti bilan soat 10:28 da Kolsovo aeroportiga muvaffaqiyatli qo‘ngan. 

Hodisa oqibatida jarohat olganlar yo‘q. 

Ushbu hodisa bo‘yicha Sverdlovsk transport prokuraturasi tomonidan parvozlar xavfsizligi to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining bajarilishi yuzasidan tekshiruv ishlari olib borilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

samolyot

Baholaganlar

963

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing