Samarqanddan topilgan, Qur’on oyatlari tushirilgan qabrtoshlar kimga va qaysi davrga oidligi aniqlandi

Madaniyat-san’at

image

Samarqand aeroporti yaqinida “snos”ga tushgan hududda olib borilayotgan qazish ishlari vaqtida tuproq ostidan ikkita qadimiy qabrtosh topilgani haqida xabar bergan edik.

Samarqandning STV telekanalining ma’lum qilishicha, ushbu qabrtoshlar kimga va qaysi asrga oidligi aniqlangan.

Samarqand aeroporti direktori Sa’dullo To‘xtasinovning so‘zlariga ko‘ra, vayronalar ostidan uchi ko‘rinib turgan qabrtoshlarni dastlab ushbu hududda navbatchilik qilayotgan qo‘riqchi ko‘rib qolgan.

“U vayronalar ostida qabrtoshga o‘xshash ikkita tosh ko‘rganini aytdi. U bilan birgalikda qabrtoshlar ustini kir-chang va chiqindilardan tozalaganimizda unda arabcha yozuv borligini ko‘rdik. Shunda bu qadimiy qabrtosh ekanini tushundim. So‘ng tegishli mutaxassislarga murojaat qilib, topilma haqida ma’lumot berdim. Ular shu zahotiyoq topilma joyiga yetib kelishdi. Tadqiqotlarning dastlabki soatlaria qabrtoshlar XVI asrga oidligi aniqlandi”, deydi Sa’dullo To‘xtasinov.

Madaniy meros agentligining ma’lum qilishicha, aeroport hududini rekonstruksiya qilish jarayonida oldingi dala hovlilar o‘rnida aniqlangan qabrtoshlar Samarqand arxeologiya instituti va Samarqand davlat universiteti Tarix fakulteti xodimlari tomonidan borib o‘rganilgan.

O‘rganish jarayonida o‘lchami 154x50x34 santimetrli qabrtosh oq marmardan ishlangani aniqlangan. Tarixchilarning so‘zlariga ko‘ra, ushbu qabrtosh 17-asr, Ashtarxoniylar sulolasining Imomqulixon hukmronligi davri va Samarqandda Yalangto‘sh Bahodir hokimligi davrida yashagan boy oilaga mansub ayol kishiga tegishlidir.

Birinchi qabrtoshning markazi va yonlarida shahodat kalimasi va Oyatul Kursiy to‘liq o‘yib yozilgan. Old tomonida “Haza al-marqad al-mag‘furi marhumi Oqila Bibi binti So‘xiy Uvays” deb yozilgan. Toshning orqa tomonida esa vafot etgan sanasi — 1651 yil deb yozilgan.

Qora marmar toshdan ishlangan ikkinchi qabrtosh o‘lchami 116x37x25 santimetrdir. Toshdp “Hazaa marqal al-munavvar Bibi Sofiya binti Ravshan” deb bitilgan. Qabrtoshning orqa uchida: “Fit-tarixi” 1061—1650 yil sanasi keltirilgan.

Tadqiqot natijasida har ikki qabrtoshdagi oyat va suralar, tosh o‘ymakorligi bir xilligini ko‘rsatgan. Mutaxassislar ushbu qabrtoshlar atalgan marhumlar qarindosh bo‘lishi mumkin, deb taxmin qilmoqda.

Qabrtoshlar dastlab Samarqand o‘lkashunoslik muzeyiga olib kelingan. Keyin esa Samarqand shahar hokimligi tomonidan Shohizinda qabristoniga olib borilgan va ayni paytda shu yerda saqlanmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

1556

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing