Samarqanddagi oltin konida 23 yoshli yigitni tosh bosib qolgani aytilmoqda
Jamiyat
−
22 may 2023
10111Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqandda 23 yoshli yigitni konda oltin qazib olish vaqtida tosh bosib qolgani haqida xabarlar tarqaldi. Yigitning onasi o‘g‘li 74 kundan beri uyga kelmagani, Zarmitan-Gujumsoy konlarida noqonuniy oltin qazib olish paytida tosh bosib qolgani haqida xabardor qilinganini bildirdi. Holat bo‘yicha QALAMPIR.UZ jurnalisti Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov bilan bog‘landi.
Bosh prokuratura vakilining ma’lum qilishicha, ushbu holat haqiqatdan ham sodir bo‘lgan. Hozirda Qo‘shrabot tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
"Bedarak yo‘qolgan S.A.ni topish buyicha barcha tezkor-qidiruv tadbirlari olib borilmoqda", deydi Shamsutdinov.
Eslatib o‘tamiz, shu yilning 8 fevral kuni Toshkent shahrida “Suv ta’minoti” xodimi quvur yorilgani bo‘yicha nosozlikni bartaraf etish jarayonida tuproq bosib qolishi oqibatida vafot etgan edi. Shuningdek, shu yilning 16 may kuni Farg‘onada xandaq qazib turgan ishchini tuproq bosib qolgandi.