Samarqanddagi maktab hojatxonasiga kamera o‘rnatilgani rostmi? Izoh berildi

Jamiyat

image

Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand viloyatidagi maktabning hojatxonasiga kamera o‘rnatilgani aytilgan xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan Samarqand viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi munosabat bildirdi.

Unga ko‘ra, ushbu murojaat Samarqand tumani Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi mas’ullari tomonidan atroflicha o‘rganilgan.

O‘rganishlar davomida maktabning ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari R.Sh. o‘g‘il bolalar hojatxonasida tozalikka rioya etilmayotganligi sababli ularni tartibga chaqirish uchun hojatxonada (mulyaj) yaroqsiz kamera o‘rnatganligi aniqlangan.

Ushbu kamera yaroqsiz bo‘lib, tarmoqqa ulanmagan, o‘rganishlardan so‘ng uskuna olib tashlangan.

Ishchi guruhi tomonidan maktab ma’muriyati bilan tushuntirish ishlari olib borildi. Maktabda shunday vaziyatga yo‘l qo‘yganligi uchun ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari R.Sh.ga nisbatan Mehnat kodeksining 181-moddasiga asosan “hayfsan” intizomiy jazo chorasi qo‘llanilgan.

Eslatib o‘tamiz, Qo‘qon pedagogika instituti talabalar (qizlar) yotoqxonasi xonalaridan biriga kuzatuv kamerasi o‘rnatilgani ma’lum bo‘lgan edi. Holat yuzasidan Farg‘ona viloyati Ichki ishlar boshqarmasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilayotgani aytilgan edi. Shuningdek, buning ortidan instituti prorektori ishdan bo‘shatilgan.


Maqola muallifi

Teglar

maktab Samarqand

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing