Samarqanddagi “qo‘ziqorin uy”ni buzish boshlandi (video)

3-sahifa

image

Bugun, 28 iyul kuni ijtimoiy tarmoqlarda Samarqanddagi “qo‘ziqorin uy” nomi bilan mashhur bo‘lgan 12 qavatli bino buzilishi boshlangani haqida xabarlar tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi munosabat bildirdi.

Qayd etilishicha, Samarqand tumani “Jo‘yisoy” mahallasida fuqaro Furqat Halilov tomonidan o‘z uyining bir qismini buzib, o‘rniga mehmonxona qurilishi hech qanday shaharsozlik hujjatlari rasmiylashtirilmasdan amalga oshirilgan.

Qurilishda quyidagi bir qator kamchiliklar aniqlangan:

  • qurilishga ruxsat beruvchi Samarqand tumani hokimining qarori yoki tuman qurilish bo‘limining ruxsatnomasi mavjud emas;
  • Arxitektura rejalashtirish topshirig‘i (APZ) mavjud emas;
  • muhandislik geologiyasi, loyiha-smeta hujjatlari to‘liq ishlab chiqilmagan hamda tasdiqlanmagan;
  • belgilangan tartibda shaharsozlik kengashidan o‘tmagan;
  • mehmonxona majmuasi ob’ekti bosh rejasini naturaga ko‘chirish dalolatnomasi rasmiylashtirilmagan “Qurilishda ishlab chiqarishni tashkil qilish” shaharsozlik normalari va qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida” Qurilish vazirining buyrug‘i (SHNQ)ning 2.4 bandi (Qurilishda tayyorgarlik qurilish-montaj ishlarining qurilish buyum va narsalarining nazorat qiluvchi ta’minlangan mavjudligini hisobga olishi kerak bajarilmagan) bajarilmagan;
  • qurilish ob’ektida foydalanilgan qurilish materiallarining talablarga muvofiqligi to‘g‘risidagi pasport va sertifikatlari taqdim etilmagan;
  • SHNQ 3.01.01-03 ning 7.8,9.9 bandlariga asosan yopiq ishlarni guvohlash dalolatnomalari taqdim etilmagan;
  • mutaxassislar tomonidan binoning seysmologik jihatdan talablarga javob bermasligi ham aniqlangan.

Yuqoridagi kamchiliklar mavjud bo‘lsada, qurilishga ruxsat beruvchi boshlang‘ich shaharsozlik hujjatlari rasmiylashtirilmagan bo‘lsa ham qurilish-montaj ishlari konstruksiyalar bitgandan so‘ng “Konstant Proyekt” MCHJ tomonidan loyiha hujjatlari to‘liq ishlab chiqilmagan. “Triumf Proyekt” MCHJ xususiy ekspertiza tashkiloti tomonidan esa to‘liq ishlab chiqilmagan loyiha hujjatlariga birlamchi ruxsat beruvchi hujjatlar mavjud bo‘lmagan holda xulosa berilgan.

Qurilish ishlari davomida tuman qurilish bo‘limi va hududiy nazorat qilish inspeksiya xodimlari tomonidan bir necha bor qurilishni to‘xtatish bo‘yicha ko‘rsatmalar berilgan bo‘lsada, fuqaro Furqat Halilov tomonidan ishlar o‘zboshimchalik bilan davom ettirilgan. Mehmonxona qurilishi ob’ekti bo‘yicha maxsus litsenziyaga ega “SVP MASKAN” MCHJ mutaxassislari tomonidan 2016 yilda binoning texnik holati o‘rganilib, rigel va temir beton ramalarni kuchaytirish uchun loyiha hujjatlari ishlab chiqish bo‘yicha xulosa berilgan. Ushbu kuchaytirish bo‘yicha tegishli loyiha ishlab chiqilmagan va ekspertiza organlarining ijobiy xulosasi olinmagan.

“O‘zog‘irsanoatloyiha” instituti AJ va hududiy inspeksiya xodimlari tomonidan 2022 yil 6 may kuni binoning seysmik holati o‘rganib chiqilib, “O‘zog‘irsanoatloyiha” instituti AJ ning xulosasiga asosan binoning suv ta’minot, tashqi tarmoqlar va inshootlar qurilishi me’yorlari va qoidalariga hamda qurilishda ishlab chiqarishni tashkil qilish talablariga javob bermasligi va kolonnalarning ayrim joylari darz ketgani o‘z tasdig‘ini topgan hamda binoni buzish bo‘yicha xulosa berilgan.

Ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘layotgan bu bino bo‘yicha Respublika komissiyasi xulosasi va 2022 yilning 6 iyul kuni fuqarolik ishlari bo‘yicha Toyloq tumanlararo sudi tomonidan Furqat Halilovga Samarqand tumani “Jo‘yisoy” MFY hududidagi o‘ziga tegishli bo‘lgan o‘zboshimchalik bilan noqonuniy ravishda qurilgan 12 qavatli bino-inshoot (mehmonxona)ni o‘z hisobidan buzishi to‘g‘risida hal qiluv qarori chiqarilgan va ijro uchun yuborilgan.

Qayd etish joiz, bungacha bino egasi Furqat Halilov Prezidentga murojaat qilib, binoni saqlab qolishda amaliy yordam berishni so‘ragan edi. Ma’lum bo‘lishicha, bino qurilishi 2012 yilda boshlangan. 2015 yilga kelib beton ishlari to‘liq tugatilgan. 2015-2017 yillarda bezak ishlari amalga oshirilgan. Bino to‘liq qora suvoqdan chiqarilgan. Binoni qurish uchun hokimning qarori yoki boshqa tegishli davlat organlarining ruxsatlari olinmagan. Shunchaki, uy atrofida istiqomat qiluvchi 5 ta qo‘shnining rozilik xati olingan.

QALAMPIR.UZ holat yuzasidan qurilish sohasida nazorat inspeksiyasi bilan bog‘langandi. Inspeksiya buzilish jarayoni qanday kechishi bo‘yicha ma’lumotga ega emasligini, bino buzilishi yuzasidan Samarqand tuman hokimligi sudga da’vo arizasi kiritgani va mexmonxona buzilishi sud qaroriga binoan amalga oshirilishini bildirgan.


Maqola muallifi

Teglar

Samarqand qo'ziqorin uy Jo'yisoy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing