Samarqanddagi bog‘chada go‘sht o‘marayotgan “zavxoz” va oshpaz qo‘lga tushdi (video)
Jamiyat
−
17 Oktabr 2021
12249Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Samarqand viloyati Paxtachi tumanidagi 28-davlat maktabgacha ta’lim muassasasida xo‘jalik mudiri bolalarga berilishi kerak bo‘lgan go‘shtni o‘g‘irlayotgani haqida video tarqaldi. Maktabgacha ta’lim vazirligi mazkur holat yuzasidan rasmiy ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, Paxtachi tuman “Hayit Elbegi” MFYda joylashgan 28-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotida MTT bosh oshpazi O‘g‘iloy Abduraimova pishirilgan 4,7 kg go‘shtni olib kirxonaga berkitgan va kirxona derazasidan pishgan 4,7 kg go‘shtni MTT xo‘jalik mudirasi Maftuna Eshimovaga bergan. MTT xo‘jalik mudirasi Maftuna Eshimova pishgan 4,7 kg go‘shtni MTT hovlisidan olib chiqib ketayotganda MTT tarbiyachilari N.N. hamda M.U. uni to‘xtatib, mahsulotlarni talon- taroj qilayotganini ko‘rgan.
Ushbu holat bo‘yicha MTT bosh oshpazi O‘g‘iloy Abduraimova hamda MTT xo‘jalik mudirasi Maftuna Eshimova bilan suhbat o‘tkazilganda, bu ishlarni doimo 28-sonli MTT direktori Shaxnoz Umarovaning topshirig‘i va ko‘rsatmasiga asosan qilganini, haqiqatdan ham MTT tarbiyachilari N.N. hamda M. U.ning aytgan gaplari va ular tomonidan olingan video, audio yozuvlar to‘g‘ri ekanligini o‘z tushuntirish xatlarida bayon qilishgan.
Hozirda MTT bosh oshpazi O‘g‘iloy Abduraimova va MTT xo‘jalik mudirasi Maftuna Eshimova bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan.
Vazirlik Axborot xizmati MTTdagi mazkur holat yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan qonun doirasida tegishli choralar ko‘rilishini ma’lum qilgan.