Samarqandda yodgorlik majmuasini kengaytirish uchun 217 ta uy buziladi
Jamiyat
−
08 aprel
8150Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqandda 220 ta mulk ziyorat markazi uchun tortib olinishi haqida xabarlar tarqaldi. Mazkur xabarlar yuzasidan Madaniy meros agentligi Samarqand viloyati boshqarmasi munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 9 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida ichki va ziyorat turizmini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 6165-son farmoyishi qabul qilingan. Ushbu farmoyishga ko‘ra, Samarqand shahrining “Chokardiza” qabristonida joylashgan “Imom Moturidiy” yodgorlik majmuasini rekonstruksiya qilish, majmua atrofidagi buyuk ulamolarning qabrlarni qayta tiklash, hududlarni obodonlashtirish va xizmat ko‘rsatish infratuzilmasini yaxshilash orqali yirik ziyorat markazini tashkil etish rejalashtirilgan.
Yuqoridagi farmoyishga asosan, “Imom Moturidiy” yodgorlik majmuasining atrofini kengaytirish maqsadida 217 ta fuqaroga tegishli bo‘lgan turarjoy binolari buzilishi qayd etilgan. Ushbu binolar Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 4 oktyabrdagi “Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk ob’ektlari milliy ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 846-sonli qarori bilan madaniy meros ob’ekti sifatida milliy ro‘yxatga kiritilmagan.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 19 iyundagi 5150-sonli qarorining 4-bandida moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk ob’ektlarida, alohida muhofaza qilinadigan tarixiy-madaniy hududlarda, Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan hududlarda va ularning qo‘riqlanadigan tegralarida ob’ektlarni qurish, buzish va obodonlashtirish ishlarining loyihalari agentlik bilan majburiy tartibda kelishish belgilangan. Bunda Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan hududlar va ob’ektlar bo‘yicha loyihalar agentlik tomonidan UNESCO ishlari bo‘yicha O‘zbekiston Milliy komissiyasi orqali UNESCO'ning Umumjahon merosi markazi bilan kelishgan holda amalga oshirilishi belgilab qo‘yilgan.
2025 yilning 6 mart kuni agentlik huzuridagi Ilmiy-ekspert kengashining Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan 4-sonli yig‘ilishida ushbu masala atroflicha ko‘rib chiqilgan va yakuniy xulosa berilgan. Kengash xulosasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yilning 9 fevral kuni qabul qilingan 6165-sonli farmoyishi ma’lumot va ijro uchun qabul qilingan.
Shuningdek, Samarqand shahrida joylashgan “Imom Moturidiy” majmuasining atrofini kengaytirish ishlari yuzasidan taklif ma’qullangan. Ilmiy-ekspert kengashi bayonida Madaniy meros agentligi “Imom Moturidiy majmuasi” atrofini kengaytirish va obodonlashtirish loyihasi bilan Umumjahon madaniy va tabiiy merosini muhofaza qilish to‘g‘risidagi konvensiyasi talablariga muvofiq UNESCO’ning Umumjahon merosi markazini xabardor qilish choralarini ko‘rish belgilangan. Shu bilan birga hujjatda ushbu hududlarda olib boriladigan har qanday qurilish, obodonlashtirish ishlarining loyihalari o‘rnatilgan tartibda Madaniy meros agentligi bilan kelishilgan holda amalga oshirilishi qat’iyan belgilab qo‘yilgan. Mazkur hududda amalga oshiriladigan kengaytirish va obodonlashtirish ishlarining nazorati Samarqand viloyati Madaniy meros boshqarmasiga yuklatilgan.
“O‘zbekiston Respublikasining 2022 yil 29 iyundagi “Yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi 781-sonli qonuni asosida, uy-joylari buzilayotgan aholi vakillarining turarjoylari bozor qiymatida hisoblanadi va belgilangan tartibda kompensatsiya pullari to‘lab berilishi rejalashtirilgan”, deyiladi xabarda.
LiveBarchasi