Samarqandda yangi tug‘ilgan egizaklar “dom” yo‘lagida qoldirib ketildi
Jamiyat
−
23 mart
33510Samarqand shahridagi ko‘p qavatli uyning yo‘lagida yangi tug‘ilgan egizak chaqaloqlar qoldirib ketildi. Bu haqda “Zamon” dasturida ma’lum qilindi.
Chaqaloqlar shaharning Qorasuv massivi 75-ko‘p qavatli uyning yo‘lagidan sumkaga solingan holda topilgan. Chaqaloqlarni birinchi bo‘lib xususiy klinika hamshirasi ko‘rib qolgan hamda ularga birinchi yordam ko‘rsatgan.
Ko‘p qavatli uydagi kuzatuv kamerasiga egizak qizaloqlarni ayol kishi qoldirib ketgani tushib qolgan.
Xususiy klinika rahbari Bahriddin Doniyorovning bildirishicha, egizaklarning ikkalasi ham sog‘lom.
“Tekshiruvlardan so‘ng IIBga murojaat qildik. IIB xodimlari kelib, vaziyatni o‘rgandi. Bolalarning onasi shu massiv aholisidan, deya taxmin qilyapmiz. Sababi, u bu yerda klinika borligini bilgan va bu yerda go‘daklarning sog‘lig‘iga zarar yetmasligini inobatga olgan, deydi klinika rahbari.
Hozircha bolalarni tashlab ketgan ayolning shaxsi ma’lum emas.
Viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi bosh shifokori o‘rinbosari Dilshod Rahmonovning aytishicha, hozirda egizaklarning ahvoli yaxshi, ular to‘liq nazoratga olinib, parvarish qilinmoqda. Chaqaloqlarning biri 2,3 kg, ikkinchisi 2,4 kg vaznda ekani aniqlangan. Bolalarda nuqsonli yoki patologik holatlar kuzatilmagan.
“Mutaxassislarimizning fikri va o‘tkazilgan tekshiruvlarga qaraganda egizaklarning tug‘ilganiga 4-5 kun bo‘lgan”, deydi Dilshod Rahmonov.