Samarqandda tramvay voqeasi aslida qanday bo‘lgan?

Jamiyat

Avvalroq, Samarqand shahirda yuziga niqob taqqan bola tramvayda odamlarga qarata noma’lum suyuqlik sepishi natijasida bir necha kishi hushini yo‘qotgani tasvirlangan video aslida prank (tarmoq hazili) ekani haqida xabar bergan edik.

Kecha, 5 iyul kuni ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoni Samarqand viloyati Ichki ishlar boshqarmasi tomonidan o‘rganib chiqildi.

Aniqlanishicha, ushbu holat shu yilning 4 iyul kuni Samarqand shahrida “Temir yo‘l vokzali-Sartepa” yo‘nalishidagi 1-tramvay “Choy qadoqlash fabrikasi” bekatida to‘xtab turgan vaqtida sodir etilgan. Holat yuzasidan so‘ralgan tramvay haydovchilari va tramvay pattachisi shu kuni tramvay bekatda to‘xtaganida, yuziga tibbiyot niqobi taqqan shaxs kirib, tramvaydagi yo‘lovchilarga suyuqlik sepib qochganligini, shunda yo‘lovchilar tramvaydan yugurib chiqqanligini, salonni ko‘rishganda 4 nafar yigit hushini yo‘qotib, o‘zlarini tramvay saloni poliga tashlaganliklarini, shunda yordam berish maqsadida yigitlarning oldiga borganlarida, ular birdaniga o‘rnilaridan turib, yugurib qochib ketganliklarini ma’lum qilgan.

Olib borilgan tezkor surishtiruv harakatlari natijasida, tramvay ichidagi yo‘lovchilarning yuziga noma’lum suyuqlik (aerozol) sepgan holda, yo‘lovchilarning hushidan ketishini “sahnalashtirish” holati Samarqand shahrida yashovchi o‘zaro tanish bo‘lgan 8 nafar voyaga yetmagan shaxslar (5 nafari o‘g‘il bola, 3 nafari qiz bola) tomonidan tashkil etilganligi aniqlangan. Ular o‘rtasida ushbu “sahna”dagi rollar o‘zaro taqsimlangan. Ushbu guruhdagi bir qiz prank videoni tasvirga olganligi va uni ijtimoiy tarmoqlarga tarqatganligi sababli, unga tegishli iPhone 6s rusumli telefon apparati tekshirib ko‘rishlik uchun tegishli tartibda hujjatlashtirib olingan.

Hozirgi kunda sahnalashtirilgan prank tashkilotchisi va barcha ishtirokchilarining shaxsi aniqlanib, tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Samarqand tramvay

Baholaganlar

67

Reyting

2.8

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing