Samarqandda Tojikiston qurib bergan maktab foydalanishga topshiriladi
Jamiyat
−
10 iyun 2021
14724Tojikistonning moliyalashtirishi bilan O‘zbekistonning Samarqand viloyati Urgut tumanidagi “Mergancha” qishlog‘ida maktab qurilgan. Bugun, 10 iyun kuni maktab foydalanishga topshiriladi. Ba haqda “Aziya-Plyus” nashri xabar bermoqda.
“Ochilish marosimida Tojikistonning Ta’lim va fan vaziri Muhammadyusuf Imomzoda va O‘zbekiston Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov ishtirok etadi”, deya xabar bergan nashrning Tojikiston hukumatidagi manbasi.
Qayd etilishicha, bir smenada 640 o‘quvchini qabul qiladigan yangi maktab Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil mart oyida Dushanbeda davlat tashrifi yakunlari bo‘yicha ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi kelishuvlar asosida qurilgan.
Xabarga ko‘ra, Tojikiston tomonidan Samarqanddagi maktabdan tashqari, Farg‘ona viloyati Rishton tumanida bolalar bog‘chasi ham quriladi.
Eslatib o‘tamiz, o‘z navbatida, O‘zbekiston Tojikistonning Spitamen tumanida zamonaviy maktab va Kubodiyon tumanida ko‘p tarmoqli kasalxona barpo etgan.