Samarqandda tabiatga 137 milliard so‘mdan ortiq zarar yetkazildi
3-sahifa
−
15 may
4464Samarqand viloyatining Jomboy tumanida noqonuniy qum-shag‘al qazib olinishi oqibatida tabiatga 137 milliard so‘mdan ortiq zarar yetkazildi. Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, tuman hududidan oqib o‘tuvchi “Oqdaryo” daryosining muhofaza etiladigan hududida reyd tadbiri o‘tkazilgan. Reyd davomida daryo hududida “M.T.” fermer xo‘jaligi vakillari tomonidan ekskavator va yuk mashinalari vositasida hech qanday ruxsatnomasiz noqonuniy ravishda qum-shag‘al aralashmasi qazib olingani aniqlangan.
Bildirilishicha, ushbu noqonuniy harakatlar oqibatida “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonunning 18-moddasi (yer osti boyliklari va foydali qazilmalardan foydalanish shartlari) hamda “Yer osti boyliklari to‘g‘risida”gi qonunning 35-moddasi (yer qa’ridan oqilona foydalanish va uni muhofaza qilishning asosiy talablari) talablari buzilgan va tabiatga 137 milliard 472 million 370 ming 649 so‘m zarar yetkazilgan.
Holat yuzasidan ekskavator va ikkita yuk tashuvchi transport vositasi jarima maydoniga joylashtirilgan. Shuningdek, to‘plangan hujjatlar holatga huquqiy baho berish va chora ko‘rish maqsadida Bosh prokuraturaga yuborilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent viloyatida noqonuniy qum-shag‘al qazib olish oqibatida tabiatga 3,5 milliard so‘mdan ortiq zarar yetkazilgani haqida xabar berilgan edi.
LiveBarchasi