Samarqandda SSSRni qayta tiklash bo‘yicha targ‘ibot olib borgan shaxs jazolandi
3-sahifa
−
03 Sentabr
21909O‘zbekistonning konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilishda ayblangan Samarqand shahrida yashovchi shaxsga uch yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi. QALAMPIR.UZ sud hukmi bilan tanishdi.
Sud hujjatlarida keltirilishicha, sudlanuvchi E.X O‘zbekiston hududida SSSRni qayta tiklash bilan bog‘liq targ‘ibot tadbirlari bilan faol tarzda shug‘ullanib kelgan. U Telegram'dagi “Uzbekskaya SSR/SSSR” nomli guruhga a’zo bo‘lib, ushbu guruhga o‘zi tomonidan tayyorlangan O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligi yuzaki ekanligi haqida materiallarni guruh a’zolariga tarqatib kelgan.
Uning materiallarida hozirgi kunga qadar rasman sobiq Sovet ittifoqi tarqalmaganligi, uning tarkibiga kirgan 15 ta respublika AQSH yordamida o‘zboshimchalik bilan mustaqilligini e’lon qilganligi va tez orada sobiq Ittifoq davlatlari qaytib SSSRga qo‘shilishlari” to‘g‘risidagi fikrlar keltirib o‘tilganligi aniqlangan.
2024 yil 6 mart kuni mazkur guruhni ko‘zdan kechirish davomida sudlanuvchi tomonidan sobiq Ittifoqni qayta tiklash yuzasidan ko‘plab video va audio materiallar joylashtirilganligi aniqlanib, mazkur materiallar protsessual tarzda rasmiylashtirib olingan.
Bildirilishicha, mazkur shaxs 2021 yil internet tarmog‘ida SSSR fuqarolarini ro‘yxatga olish to‘g‘risida Rossiya fuqarosi Oleg Turishkin ma’ruzasini eshitib, uning gaplariga ishonib, Telegram'da u bilan o‘zaro suhbatlashib yurgan. U 2023 yil 3 yanvar kuni Samarqanddan Moskvaga uchib, u yerda SSSR tarafdori bo‘lgan kishilar bilan uchrashgan. Ular SSSRni qayta tuzmoqchiligini, buning uchun tarafdorlar yig‘ayotganini, ushbu davlat hali qonunan tarqamaganini aytishgan va sudlanuvchiga bu ishlarni O‘zbekistonda oshkora qilib bo‘lmasligini, agarda davlat organlari bilib qolsa, chora ko‘rishligini, yashirincha tarafdorlar yig‘ish kerakligini uqtirgan. Uni keyinchalik Samarqand viloyati bo‘yicha“VKPb” sekretari etib tayinlashgan.
Sud hukmiga ko‘ra, sudlanuvchi Jinoyat kodeksining 159-moddasi (O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga uch yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.