Samarqandda nima uchun piyonista haydovchilar ko‘pligiga izoh berildi
Jamiyat
−
19 iyul 2023
11420Mast holda mashina haydovchilar soni boshqa viloyatlarga nisbatan aynan Samarqandda ko‘pligi to‘g‘risida xabar berilgan edi. Samarqand viloyati IIB matbuot kotibi Jahongir Sa’dullayev mazkur xabar yuzasidan izoh berdi.
Izohda keltirilishicha, Samarqand respublikada avtomobillar hamda aholi soni bo‘yicha Toshkent shahridan keyingi ikkinchi o‘rinda turadi.
Shuningdek, Jahongir Sa’dullayev viloyatda mast haydovchilarni aniqlash, avtohalokatlarning oldini olish uchun har kuni reydlar amalga oshirilishini bildirgan.
"Samarqand chorrahadagi sivilizatsiya markazi. Ko‘pchilik dam olishga kelib, tunning ikkinchi yarmigacha o‘tirib, spirtli ichimliklar ichadi. Afsuski, boshqaruvga o‘tiradi. Agar biz spirtli ichimlik ichib mashina haydaydiganlarni maksimal darajada aniqlamasak, kim aniqlasin?! Yaqinlarimizni mast holda urib ketishlari, dahshatli "avariya"lar qilishini oldini biz olmasak kim olsin?! Samarqand "ichib rulga o‘tiradigan"larga chek qo‘yish bo‘yicha namuna bo‘la oladi", deydi IIB matbuot kotibi.
Uning fikricha, ushbu holatda IIB xodimlarining ham aybi bor. Mast holda rulga o‘tirgan haydovchilarga umuman yengillik bermaslik kerak.
“Bunda, albatta, biz IIB xodimlariniyam aybimiz bor, deb hisoblayman. Ichib tushganga umuman yengillik berish kerak emas. Targ‘ibot va bu boradagi profilaktikani kuchaytirishimiz kerak. Haydovchini ichib "rulga o‘tirish"ga vijdoni va qo‘rquvi yo‘l qo‘ymaguncha ishlashimiz kerak. OAV dan kengroq foydalanishimiz lozim. Nima bo‘lganda ham inson hayoti muqaddas. Spirtli ichimlik ichib mashina haydaganlar yanada ko‘proq aniqlanib, yanada ayovsiz jazolanishi kerak. Toki bu qilmishni boshqa takrorlashga jazm qilmasin”,deya qo‘shimcha qilgan Sa’dullayev.
LiveBarchasi