Samarqandda moliyaviy piramida tuzgan shaxslar ushlandi
3-sahifa
−
18 noyabr 2023
10483Samarqand shahrida moliyaviy piramida tashkil etgan mas’uliyati cheklangan jamiyat tashkilotchilari aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti ma’lum qildi.
Fuqarolarning murojaatlariga asosan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda fuqaro H.H. va boshqalar “Samarqand credit” nomli MCHJni tashkil etib, jismoniy shaxslarning mablag‘larini jalb etishga doir faoliyatni amalga oshirgani aniqlangan.
Ular Instagram'da oldindan 20 foiz to‘lov qilib, 5 xil turdagi kreditlarni uzoq muddatga olish mumkinligi haqida e’lonlar berib, 45 nafar fuqaroga kredit ajratish evaziga 20 foizlik dastlabki to‘lov sifatida jami 479 mln so‘m naqd pullarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 188-1-moddasi (pul mablag‘larini va (yoki) boshqa mol-mulkni jalb etishga doir noqonuniy faoliyat) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Qashqadaryo va Buxoro viloyatlarida noqonuniy dollar ayirboshlash bilan shug‘ullanayotgan shaxslar ushlangandi.
LiveBarchasi