Samarqandda mast ayol 71 yoshli erkakning mashinasini olib qochdi
Jamiyat
−
11 iyul 2023
8853Samarqand viloyati Jomboy tumanida 21 yoshli ayol 71 yoshli erkakning mashinasini olib qochdi. Bu haqda IIV huzuridagi Tergov departamenti Axborot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, joriy yilning 4 iyul kuni Jomboy tumanida yashovchi 71 yoshli K.R. tuman IIBga ariza bilan murojaat qilgan. Unga ko‘ra, K.R.ning Spark rusumli mashinasiga yo‘lovchi sifatida o‘tirgan shaxsi noma’lum ayol uni tuman hududidagi o‘rmon xo‘jaligiga olib borishi uchun K.R. bilan kelishib olgan. K.R. yo‘lning ovloq qismida o‘zining shaxsiy ehtiyoji uchun mashinani to‘xtatib, ayolni yolg‘iz qoldiradi. Bu vaqtda esa noma’lum ayol K.R.ga tegishli bo‘lgan Spark rusumli mashinani olib qochgan.
Ushbu murojaat asosida avtomashinani qidirib topish maqsadida viloyat miqyosida to‘sib ushlash tadbiri e’lon qilinib, barcha YPX maskanlariga, YHXB xodimlariga bu haqda xabar berilgan. Natijada jabrlanuvchiga tegishli avtomashina noma’lum ayol tomonidan Tayloq tumani Galabotir mahallasi hududida boshqarib borayotgan vaqtida to‘xtatilib, undan mazkur avtomashina tegishli tartibda rasmiylashtirib olingan.
Ushbu ayolning shaxsiga aniqlik kiritganda, u Jomboy tumani Dehqonobod mahallasida yashovchi 21 yoshli D.N. ekani va u spirtli ichimliklar ta’sirida bo‘lgani aniqlangan.
Shuningdek, holat yuzasidan Jomboy tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘linmasi tomonidan D.N.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksning 267-moddasi 1-qismi (transport vositasini olib qochish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, D.N. protsessual tartibda ushlangan.
Hozirda jinoyatning kelib chiqish sabablarini o‘rganish hamda tergov harakatlari davom ettirilmoqda.