Samarqandda uy qulashi bo‘yicha jinoyat ishi ochildi
Jamiyat
−
15 may
15590Avvalroq Samarqand viloyati Past Darg‘om tumani Juma shahrida kotlovan (xandaq) qazilayotgan paytda qo‘shni uy qulab tushgani haqida xabar bergandik. Hozirda mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda QALAMPIR.UZ'ga Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, 2024 yil 15 may kuni fuqaro H.M. tuman IIBga ariza bilan murojaat qilib, unda tumanning "Samarqand" mahallasi Samarqand ko‘chasi 28-raqamli yashash uyi bilan bir devor qo‘shnisi T.B. hovlisida do‘kon qurish uchun (chuqur) kotlovan qazdirganligini, o‘zi va MFY raisining quruvchilarga chuqur qazishni to‘xtatishini, aks holda yashash uyi qulab tushishini bir necha bor aytishiga qaramasdan ishida davom etganini bildirgan.
Arizaga ko‘ra, buning oqibatida 14 may kuni soat 19:45 larda H.M.ning yashash xonadoni qulab tushib, unga 300.000 AQSH dollari miqdorida moddiy zarar yetkazilgan. Jabrlanuvchi fuqaro T.B.ga nisbatan qonuniy chora ko‘rilishini so‘ragan.
"Hozirda to‘plangan hujjatlar yuzasidan Past Darg‘om tuman IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan 15.05.2024 yilda Jinoyat kodeksining 173-moddasi 2-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. Jinoyat ishining tergovi nazoratga olingan bo‘lib, qo‘shimcha ravishda axborot berilishi ta’minlanadi", deyiladi xabarda.
LiveBarchasi