Samarqandda qotil “jigar”larning ishi ko‘rilmoqda
Jamiyat
−
20 Sentabr 2019
6178Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyati sudining sudyasi T.Qodirov raisligida ko‘rilayotgan ish hujjatlariga ko‘ra, sudlanuvchi, 1999 yil Bulung‘ur tumanida tug‘ilgan Dilmurod Boltayev (ism, familiyalar o‘zgartirilgan) voyaga yetmagan shaxs, ya’ni 2002 yilda tug‘ilgan jiyanini jinoyat qilishga jalb qilgan holda bir guruh shaxslar bilan oldindan jinoiy til biriktirib, tamagirlik niyatida qasddan odam o‘ldirish jinoyatini sodir etgan.
Sudlanuvchi 2017 yil noyabr oyida kollejdagi o‘qishini tashlab, Rossiya Federatsiyasining Samara shahrida ishlayotgan akasi Odil Boltayevning oldiga ishlash uchun boradi. Ular birga og‘ir mehnat sharoitida ishlab kelib, jamg‘arilgan pullarga “Damas” rusumli avtotransport vositasini xarid qilishadi.
Hamma g‘avg‘o shundan so‘ng boshlangan. D.Boltayev avtotransport vositasiga to‘laqonli egalik qilolmaganligi sababli akasiga nisbatan nafrati uyg‘onib, uni o‘ldirishni maqsad qiladi. Bunga o‘zining jismoniy kuchi yetmasligini anglab, jiyani 10-sinfda o‘qiydigan Elyor Nosirov bilan til biriktirgan.
Jinoiy rejaga ko‘ra, sudlanuvchi D.Boltayev akasi kechki payt ishdan qaytayotganida “Damas” rusumli avtotransport vositasini to‘xtatib, E.Nosirov bilan birga chiqib olishadi. D.Boltayev avtomashinaning orqa o‘rindig‘iga o‘tirib, arqon yordamida akasining bo‘ynidan bo‘g‘adi. Avtomashinaning oldi o‘rindig‘iga joylashgan jiyani harakatlangan avtomashinaning kalitini burash yo‘li bilan to‘xtatib, O.Boltayevning qo‘l va oyoqlarini ushlab turadi.
Ish “xamirdan qil sug‘urgandek”, oson ko‘chdi deb o‘ylagan shovvozlar adashgan edi. Negaki, O.Boltayev hali vafot etmagan va hushiga kelgan edi. Shunda D.Boltayev avtomashinani Mirza ariq kanali bo‘yida to‘xtatadi. Akasini bo‘ynidan arqon bilan tortgancha mashinadan tushirib, uni bo‘g‘ish orqali qasddan o‘ldirgan.
Ikkovlon jinoyatni yashirish maqsadida O.Boltayevni o‘z joniga qasd qilgandek ko‘rsatish va huquqni muhofaza qiluvchi organni chalg‘itish orqali jinoiy javobgarlikdan qutulish maqsadida dala chetida o‘sib turgan qator tol daraxtlardan biriga osib qo‘yishgan.