Samarqandda Qizil kitobga kiritilgan daraxtlar kesilishi ortidan jinoyat ishi ochildi
3-sahifa
−
20 Sentabr
2080Samarqand viloyatidagi “Omonqo‘ton” milliy tabiat bog‘ida jami 2500 tupdan ortiq noyob va Qizil kitobga kiritilgan daraxtlar kesib ketilgani yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Bosh prokuratura xabar berdi.
Qayd etilishicha, ushbu hududda noqonuniy ravishda yo‘l ochilib, tuproqlar surilgan va buning oqibatida O‘zbekiston qizil kitobiga kiritilgan 7 turdagi 1112 tup, noyob va yo‘qolib borayotgan 5 turdagi 1479 tup o‘simlik nobud qilingan. Shuningdek, 8 turdagi 64 tup daraxt va butalar kesilgan, nobud qilingan va shikastlantirilgan. Oqibatda tabiatga 1 milliard 115 million 907 ming so‘m zarar yetkazilgan.
Holat yuzasidan Samarqand viloyati prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 204-moddasi (Muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning rejimini buzish) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Bildirilishicha, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda. Tergov ustidan Bosh prokuratura nazorati o‘rnatilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 5 nafar fuqaro milliy bog‘ga “Yo‘lsoy” bo‘limida joylashgan sobiq oromgoh hududi orqali ruxsatsiz va hech qanday hujjatsiz ekskavator va buldozerlar bilan kirib borgan. Bog‘ rahbariyati bu muhofaza etiladigan tabiiy hudud ekani, ruxsatsiz kirish, qurilish va qazish ishlarini olib borish mumkin emasligi haqida ogohlantirgan hamda hududdan chiqib ketishni talab qilgan. Shunga qaramay, fuqarolar noqonuniy tarzda bog‘ hududiga kirishda davom etgan va bir necha daraxtlar va o‘simliklarga jiddiy zarar yetkazgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samarqand shahrida qurilish ishlarini olib borayotgan “S.Ye.Sh.” MCHJ mas’ullari tomonidan hududdagi 4 tup qimmatbaho va 1 tup kam qimmatli turdagi daraxt ildiz qismi bilan qazib tashlab, yo‘q qilingandi.
LiveBarchasi