Samarqandda qariyb 32 kg marixuanani uyida saqlagan shaxs ushlandi
3-sahifa
−
08 yanvar
7326Samarqand viloyatining Jomboy tumanida salkam 32 kg marixuanani uyida saqlagan shaxs ushlandi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Viloyat huquq-tartibot idoralari tomonidan Jomboy tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Eski Jomboy mahallasida yashovchi, 1983 yilda tug‘ilgan A.A.ning yashash uyi va yordamchi xo‘jalik xonalarida tintuv o‘tkazilganda og‘irligi 31 kilogramm 855 gramm bo‘lgan marixuana, 2 gramm opiy giyohvandlik moddasi va 2 dona psixotrop tabletka topilgan.
Bundan tashqari, DXX viloyat boshqarmasi hamda IIB xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan yana bir tezkor tadbir davomida Samarqand tumanida yashovchi 1991 yilda tug‘ilgan R.A. hamda 1992 yilda tug‘ilgan B.M. 198 dona “Zardeks” psixotrop dori vositasini mahalliy fuqaroga sotayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Bildirilishicha, yuqoridagi holatlar yuzasidan ushbu shaxslarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 7 yanvar kuni Toshkent shahri, Andijon va Farg‘ona viloyatlarida kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarining muomalaga kiritilishining oldi olingani xabar qilingandi.
LiveBarchasi