Samarqandda “dom”ning 10-qavatiga basseyn qurilgani aniqlandi
3-sahifa
−
04 Sentabr
24300Samarqandda ko‘p qavatli uyning 10-qavat pentxaus qismida o‘zboshimchalik bilan basseyn qurilganligi aniqlandi. Bu haqda Samarqand viloyati hududiy Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, murojaatlarga asosan Samarqand viloyati hududiy qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan o‘tkazilgan reyd tadbirlari davomida Samarqand shahar “Sug‘diyona” mahallasidagi 67-A sonli ko‘p qavatli uyning 10-qavat pentxaus qismida o‘zboshimchalik bilan basseyn qurilgani aniqlangan.
“Basseyn ko‘p qavatli uyning loyihasida nazarda tutilmagan. Seysmik hodisa vaqtida binoning tebranishini kuchaytirib, seysmik mustahkamligiga zarar yetkazishi mumkin”, deyiladi xabarda.
Inspeksiya xodimlari tomonidan mulkdorga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 159-moddasiga (Turar joylarni saqlash va ulardan foydalanish qoidalarini, uy-joy fondidan texnik foydalanish qoidalari va normalarini, ko‘p kvartirali uylarni boshqarish qoidalarini buzish) asosan ma’muriy jarimalar qo‘llanildi va majburiy ko‘rsatmalar berildi.
Majburiy ko‘rsatmada berilgan vaqt ichida mulkdor holatni o‘z ixtiyori bilan bartaraf qilib, uyni oldingi holatiga qaytarmasa unga nisbatan tegishli hujjatlar to‘planib, majburiy tartibda bartaraf etish yuzasidan fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga da’vo arizasi kiritilishi tushuntirildi.