Samarqandda 389 gektarga yangi massiv qurilyapti
Jamiyat
−
06 iyun 2023
12593Bugun, 6 iyun kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Samarqandga tashrifi doirasida "Shirin" massivining master rejasi taqdimoti bilan tanishdi.
Bu mahalla Samarqanddagi xalqaro aeroport yaqinida, Zarafshon daryosi bo‘yida joylashgan. So‘nggi yillarda ushbu hududda zamonaviy massiv qurilishi rejalashtirilgan. Buning uchun 389 gektar yer ajratilgan.
Loyihaga ko‘ra, massivda ko‘p qavatli uylar, maktab va bolalar bog‘chalari, poliklinikalar, sport maydonlari va ko‘ngilochar maskanlar bo‘ladi. Massivni shahar bilan bog‘lovchi ko‘prik va yo‘llar, infratuzilma va kommunikatsiya tarmoqlari barpo etiladi.
Davlat rahbari loyihani ilg‘or shaharsozlik tajribasi asosida takomillashtirish, ijtimoiy xizmatlarni ko‘paytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergan.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 5 iyun kuni Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston-Qatar sammitida ishtirok etish uchun Samarqandga jo‘nab ketgandi. O‘zbekiston yetakchisi 5-6 iyun kunlari shaharda Qatar Davlati Amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy Oliy darajadagi muzokaralar o‘tkazdi.