Samarqandda 120 ming dollarga yer sotayotgan shaxs qo‘lga olindi

3-sahifa

image

Samarqand viloyati Nurobod tumanida 120 ming, Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumanida 20 ming hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasining To‘rtko‘l tumanida 14 ming AQSH dollariga yer sotilishi holatlarining oldi olindi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Matbuot xizmati xabar berdi

Ma’lum qilinishicha, departamentning Nurobod tuman bo‘limi tomonidan DXX xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda “Ch.M.” fermer xo‘jaligi rahbari Sh.R. xo‘jalikning 1,5 gektar yer maydonini fuqaro D.S.ga firibgarlik yo‘li bilan 120 000 AQSH dollariga sotishga kelishib, shundan 60 000 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Departamentning Mirzo Ulug‘bek tuman bo‘limi tomonidan DXX xodimlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazilgan. Unda (muqaddam sudlangan) fuqaro X.T. va boshqalar o‘zaro til biriktirib, Qashqadaryo viloyati Ko‘kdala tumani hududidan dehqon xo‘jaligi yuritish uchun ajratilgan 1 gektar yer maydonini fuqaro M.Ya.ga go‘yoki yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari yordamida uning nomiga rasmiylashtirib berishini aytgani aniqlangan. Buning evaziga ular fuqarodan 20 000 AQSH dollarini olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan. 

Shuningdek, departamentning To‘rtko‘l tuman bo‘limi tomonidan DXX xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqarolar R.X. va L.R. Ellikqal’a tumani “Istiqlol” MFY hududidagi 12 sotix yer maydonini fuqaro M.S.ga 14 000 AQSH dollariga sotishga kelishib, 6 000 AQSH dollari va 92 mln so‘mni olgan vaqtida ushlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘ona viloyatida fermer xo‘jaligi rahbari 80 ming AQSH dollariga noqonuniy yer sotayotgan vaqtida qo‘lga olingandi. Shuningdek, Toshkent viloyatida 1 gektar yerni fermer xo‘jaligi rahbariga 33 ming AQSH dollariga sotmoqchi bo‘lgan shaxs ushlangani hamda Qashqadaryo viloyatida ham 1,5 gektar yerni pullamoqchi bo‘lgan shaxs 2 ming AQSH dollari miqdorida bo‘nak puli olayotgan vaqtda qo‘lga tushgani haqida xabar berilgandi. 


Maqola muallifi

Teglar

firibgarlik Samarqand Mirzo Ulug'bek To'rtko'l

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing